Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kamchatka qalin qor iskanjasida qoldi
16:42 / 2026-01-17

Rossiyaning Kamchatka mintaqasida so‘nggi 30 yildagi eng kuchli qor yog‘di, deb xabar bermoqda “RBK” nashri. Ta’kidlanishicha, qorning qalinligi 51 sm dan 133 sm gacha, qo‘shni Sosnovka hududida esa 163 sm ni tashkil etgan.

Ulkan qor uyumlari ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan, aholi ko‘chaga chiqish uchun tunnel qazishga majbur bo‘lmoqda. Hatto ba’zi joylarda qor uyumlari ko‘p qavatli uylarning to‘rtinchi qavatigacha yetgan. Qor avtomobillarni butunlay ko‘mib, ko‘chalarni o‘tib bo‘lmas holga aylantirdi.

Qor tozalash ishlariga qutqaruvchilar, talabalar guruhlari, ko‘ngillilar, harbiylar va hatto suv osti kemalari xodimlari ham jalb etildi. Ular xonadonlarda qamalib qolgan va shoshilinch kasalxonaga yotqizilishi kerak bo‘lgan odamlarga yordam berishmoqda. 

Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini ko‘p qavatli uylardan baland qor uyumlariga sakramaslik haqida ogohlantirdi. Mutasaddilarning aytishicha, qor qatlami ostida devorlar, avtomobillar, odamni jarohatlashi mumkin bo‘lgan o‘tkir metall konstruksiyalar bo‘lishi mumkin. 

Boshqaruv kompaniyalari uylar atrofidagi hududlarni tozalab, tomlardan qor tushishi mumkin bo‘lgan joylarga to‘siqlar o‘rnatmoqda. Rasmiylar agar tozalash ishlari sifatsiz bajarilsa, mas’ullar ma’muriy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi.

Petropavlovsk-Kamchatkada 15 yanvardan favqulodda holat rejimi amal qilmoqda. Ushbu chora tomdan qor ko‘chishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lganidan keyin joriy etildi. 

– Hududda magistral yo‘llar bilan bog‘liq vaziyat murakkablashdi, -dedi viloyat gubernatori Vladimir Solodov. – Yo‘llarda tashlab ketilgan mashinalarni evakuatsiya qilish rejalashtirilgan, ular qor tozalash mashinalarining ishlashiga xalaqit bermoqda.

Ayni paytda viloyat markazida jamoat transporti harakati cheklandi. Turli muassasalar faoliyati masofaviy shaklga o‘tkazildi, bir nechta okruglardagi kollej va maktablarda darslar bekor qilindi.

Ekologlar fikricha, hafta oxirigacha Kamchatkada qor ko‘chkisi xavfi saqlanib turadi. Sayyohlar va sportchilarga tog‘ yonbag‘irlariga chiqmaslik tavsiya etilmoqda, ota-onalardan esa bolalarning tepalik etagida o‘ynashi xavfli ekanligiga e’tibor qaratish so‘ralgan.

O‘.Alimov, O‘zA