Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hududda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida faollar, tadbirkorlar, tegishli boshqarmalar mas’ullariga murojaat yo‘lladi.
Yig‘ilish avvalida, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida viloyat hududini kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirish hamda boshqa bir qator muhim sohalarda “Toshkent tajribasi”ni yaratish maqsad qilinganligi ta’kidlandi.

Bugungi iqtisodiy tebranishlar kuchayib borayotgan sharoitda yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda, faqatgina tinimsiz mehnat, o‘z ustida ishlash va rahbarlarning fidoyiligi hisobiga yaxshi ko‘rsatgichlarga erishish mumkin. Viloyat hokimi qilinayotgan ishlar va mavjud vaziyatni tanqidiy tahlil qildi.

Tahlillarga ko‘ra, viloyatda “Kambag‘al oilalar reyestri”ni shakllantirish maqsadida bugungi kunga qadar 116 ming oila so‘rovnomadan o‘tkazilib, 43 ming 756 ta oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi. Shu bilan birga, 275 ming 245 ta individual xizmatlar ko‘rsatilishi natijasida reyestrga kiritilgan oilalarning 14 ming 871 tasi kambag‘allikdan chiqarildi. Pirovardida 1 noyabr holatiga kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8 foizdan 3,6 foizga qisqardi.

Viloyatdagi 7 ming 485 ta kambag‘al oilalarga viloyat, tuman va shahar darajasida biriktirilgan 1 ming 497 nafar rahbarlar faoliyati o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Ularning bu boradagi samarali ishlashi tufayli 2 ming 358 ta oilalar reyestrdan chiqarildi. Muhimi, mazkur toifadagi oilalarning daromadi o‘zgarishi sababli viloyat bo‘yicha rasmiy va normativ daromadi bo‘lmagan oilalar soni 4 ming 115 taga kamayib, hozirda 8 ming 279 tani tashkil etmoqda.

Biroq, xususiy korxonalarda ishlayotgan 16 ming 615 nafar mehnatga layoqatli kambag‘al aholining rasmiy maoshi hisobotlarda aks ettirilmasdan kelinmoqda. O‘z navbatida Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan subsidiya, grant, kredit va lizing mablag‘lari hisobidan ekin yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha viloyatda 353,9 million so‘m mablag‘lar ajratilib, 20 ta oila tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Natijada 75 nafar aholining bandligi ta’minlanib, kambag‘allikdan chiqarildi. Bu borada, Bekobod shahri, Ohangaron tumanida mablag‘ ajratish ishlari hanuzgacha boshlanmagan bo‘lsa, Parkentda atigi 1 dona ajratilgan xolos.

Viloyat hokimi o‘z murojaatida 115 foiz aholini daromadli mehnat bilan band qilingani kambag‘allikni qisqartirishda o‘z ta’sirini ko‘rsatganini alohida ta’kidladi. Biroq, Parkent va Toshkent tumanlarida aholining 80 foizdan ortig‘i o‘zini-o‘zi band qilish orqali reja bajarilgan, xolos.
Prezidentimizning tegishli qarori bo‘yicha Xitoy tajribasi asosida ayrim boshqarma va tashkilotlarga bir qator vazifalar belgilangan. Masalan, yil oxirigacha 980 gektar o‘rmon fondi yerida ko‘chatxona tashkil etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish maqsadida 984 ta kambag‘al oilalarga ajratish topshirig‘i berilgan bo‘lsada, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan bugungi kunda 20 foiz yer ajratilgan xolos.
Yig‘ilishda bu holat tanqidga olindi va vazifalarga mas’uliyat bilan qarash lozimligi aytildi. Sababi haligacha Bekobod, Bo‘stonliq, Ohangaron, Parkent, Piskent, Yangiyo‘l tumanlarida o‘rmon fondi yerlaridan kambag‘al oilalarga ajratib berish ishlari yakuniga yetmagan.
Shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari boshqarmasiga 23 ta og‘ir mahallalardagi 1 ming 354 ta kambag‘al oila uchun umumiy quvvati 7 ming 250 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarining loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan bo‘lsada, 812 ta kambag‘al oilalarga bugungi kunga qadar bunday qurilmalar qo‘yilmagan. Bu borada ham amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar qoniqarsizligi aytildi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosiga yuzaki yondoshayotgan, dasturlar ijrosini ta’minlamayotgan viloyat va tuman-shahar darajasidagi mutasaddilar qat’iy ogohlantirildi, ayrim rahbarlarga jiddiy choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritildi.
Tadbirda hokim murojaati yuzasidan mutasaddilar va tadbirkorlarning ham fikr-mulohazalari tinglandi.
A.Musayev,O‘zA.