Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasidagi islohotlar samara bermoqda
16:57 / 2025-09-25

Qaror va ijro

Bir oilani kambag‘allikdan chiqarish faqat shu xonadon boquvchisining zimmasida bo‘lmasligi kerak. Bu butun jamiyatning umumiy tashvishi va mas’uliyatidir. Masalaga shunday darajada e’tibor qaratilsagina natija barqaror va uzoq muddatli bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirish ustuvor vazifa ekanini alohida ta’kidlab kelmoqda. So‘z va amal uyg‘un bo‘lgan joyda islohotlar, albatta, samara beradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqargani ham bu yo‘ldagi tub o‘zgarishlarning yorqin dalilidir.

Ish bilan ta’minlangan odamda o‘z kuchiga ishonch ortib, oilasi va jamiyatiga foyda keltirish imkoniyati kengayadi. Kuchli insonlar esa mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi. Shu bois farovon oila jamiyatning tayanchi, milliy iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlovchi asosiy omil hisoblanadi.

Bu jarayon o‘z-o‘zidan kechmaydi. Uning uchun tizimli, maqsadli va strategik ishlar olib borilmoqda.

2024 yil 4 oktyabr kuni qabul qilingan “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori mazkur sohadagi islohotlarni izchil davom ettirishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.

Qarorning asosiy maqsadi aholini barqaror ish bilan ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishdir. Bugungi global iqtisodiyotda ishsizlik dunyo davlatlari uchun eng katta muammolardan biri sifatida baholanmoqda. Shu sababli hujjatda yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, mehnat bozorini diversifikatsiya qilish, zamonaviy kasblarga tayyorlash masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Yaqinda Namanganda bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumida ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Forumda ko‘plab davlat va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etib, samarali tajriba va takliflar almashildi.

– Forumda kambag‘allikka qarshi kurashning samarali yo‘llari muhokama qilindi, – deydi Xitoy Xalqaro Kambag‘allikka qarshi kurashish markazi bosh direktori Liyu Junven. – Kambag‘allikka qarshi kurash faqat moddiy yordam bilan emas, balki inson kapitalini rivojlantirish, yangi kasblarga tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish orqali samarali kechishi mumkin. Xalqingizning qat’iyati va Prezident tashabbuslari muvaffaqiyatli qadamlar uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonning bu boradagi rejalarini ilmiy asoslangan va samarali deb hisoblaymiz. Bu yo‘lda hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdormiz.

Darhaqiqat, yurtimizda xotin-qizlar uchun doimiy ish o‘rinlari yaratish, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi tashabbuslar kambag‘allikni qisqartirishda eng samarali yo‘llardan biriga aylanmoqda.

Shu tariqa, qabul qilinayotgan qarorlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro hamkorlik jarayonlari nafaqat ijtimoiy hayotda, balki mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida ham uzoq muddatli ijobiy samaralar beradi.

Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA muxbiri