Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘yicha qanday ishlar qilindi? — Vazir axborot berdi
16:48 / 2025-12-23

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidovning “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash borasida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi etib belgilab berildi. Bu borada “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida “Kambag‘al oilalar reyestri” ishga tushirildi.  

Bugungi kunga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “mahalla yettiligi” hamkorligida 712 mingta oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan. Mazkur reyestrga kiritilgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan “individual rejalar” ishlab chiqildi. “Individual rejalar” doirasida 463 mingta kambag‘al oilalarning 2 million a’zosiga daromadini oshirishga qaratilgan 791 mingta xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Vazir B.Zohidov qayd etganidek, joriy yilda 5,2 million aholini asosiy yoki qo‘shimcha daromadli ish bilan ta’minlash bo‘yicha Prezident topshirig‘i berilgan. Bu borada joriy 11 oy davomida marraga yaqinlashildi, ya’ni 5,1 million fuqaro daromadli mehnatga jalb qilindi. Mahallalarda 94 ming xonadonga kamida 60-70 million so‘m yillik daromad beradigan loyiha paketlari taqdim etilishi hisobiga 2,4 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi. Tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga ko‘p.

Vazirning qayd etishicha, joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushgan. Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashgan. Ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, yil yakunigacha kambag‘allik darajasi 6 foizgacha kamayishi kutilmoqda.

Shuningdek, sharoiti og‘ir bo‘lgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskentda kambag‘al oilalar sonini 4,5 barobargacha kamaytirishga erishildi. Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirildi.

Axborotda keltirilganidek, mamlakatimiz aholisining 76 foizi yoki 15,6 million nafari iqtisodiy faol, ya’ni mehnat qilishga tayyor hisoblanadi. Shundan 14,8 million aholi iqtisodiyotning turli sohalarida band bo‘lganlar va 760 ming aholi ishga joylashishga muhtoj hisoblanadi.  

Vazir keyingi yil davomida rejalashtirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berib, 1 million aholini ishga jalb etish, 4 million aholining daromadini oshirish bo‘yicha rejalar qilinganini aytib o‘tdi.  

Majlisda deputatlar kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar haqida bir qator savollar bilan vazirga yuzlandilar. Norasmiy mehnat bozorida ishlayotganlarni soyadan chiqarish, nogironligi bor shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan qiziqdi va tegishli javoblar oldi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA