O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov raisligida 28 yanvar kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining kambag‘allikni qisqartirish masalalari yuzasidan onlayn uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda SHHT Bosh kotibi Chjan Min, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va Rossiya Federatsiyasining ixtisoslashgan vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Tashkilot Bosh kotibi Chjan Min muayyan sohalarda kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishlari, qo‘llaniladigan mexanizmlar yuzasidan tajriba va ma’lumot almashish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Yig‘ilish raisi Jamshid Qo‘chqorov so‘nggi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar haqida atroflicha ma’lumot berarkan, ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning SHHT va BMT sammitlarida ilgari surgan tashabbuslari doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Bu jarayonda eng muhim yo‘nalishlarga urg‘u berilayotgani, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, iqtisodiyotning real sektoridagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash diqqat markazida ekani qayd etildi.
Uchrashuvda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi dastur qabul qilishning institutsional asosini yaratish va mustahkamlash yuzasidan olib borilgan ishlar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 2020-2021 yillarda davlat byudjeti hisobidan nafaqa oladigan oilalar soni 2 barobar oshib, ularning ulushi qariyb 15 foizga yetdi. Kambag‘allik darajasini belgilashda yangi mezon – eng kam iste’mol xarajati miqdori joriy etildi. Bu ijtimoiy to‘lovlar va imtiyozlarning minimal darajasini qayta ko‘rib chiqish imkonini berdi. Masalan, 2021 yilda imkoniyati cheklangan insonlar uchun eng kam pensiya va nafaqa turlari, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga beriladigan nafaqa miqdori 10-50 foiz oshirildi.
[gallery-5596]
Tadbir ishtirokchilari o‘zaro samarali sheriklikni yo‘lga qo‘yish, bir qator mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish pandemiya oqibatini yumshatish uchun zarur chora va qarorlar qabul qilish jarayonida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
SHHT tarkibidagi davlatlarda kambag‘allikni qisqartirishga doir qo‘llaniladigan chora-tadbirlar, maqsadlar va yangi yondashuvlar, kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan tajriba almashish, tashkilotga a’zo davlatlarning tegishli sohalarda, jumladan, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Kambag‘allik bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda SHHT doirasida hamkorlikni rivojlantirish istiqboli muhokama markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston tomonidan SHHT davlatlarining kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi izchil hamkorligini yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishda doimiy tajriba almashish mexanizmini hamda kambag‘allikni qisqartirishning samarali usullarini joriy etish, ayni yo‘nalishda barcha a’zo mamlakatlar manfaatiga to‘g‘ri keladigan hujjatni ishlab chiqish va qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi. Qolaversa, SHHT maydonida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mutaxassislar uchun seminar-trening, mahorat saboqlari tashkil etish muhimligi ham e’tirof etildi. Zero, bunday tadbirlar umumiy faoliyat samaradorligini oshirish jarayoniga innovatsion vositalarni joriy etishga ham xizmat qiladi.
Joriy yil may oyida SHHT doirasida kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani a’zo davlatlar vakillari, kuzatuvchilar va hamkorlar takliflari asosida tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonining axboroti ma’qullandi va qabul qilindi. Ushbu tadbirga xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari ekspertlarini taklif qilish maqsadga muvofiqligi ma’qullandi.
Anjuman yakunida tomonlar takliflarni inobatga olgan holda, SHHTga a’zo davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri