Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli amalda o‘zini to‘liq oqladi
10:50 / 2025-12-30

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida aholining farovonligini oshirish, har bir yurtdoshimizning tinch, farovon yashashini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Zotan, o‘z ishiga, daromadiga ega bo‘lgan, oilasi to‘kis kishilargina o‘zini xotirjam his qiladi. O‘zini shu mamlakatning bir bo‘lagi ekanini, e’tibordan chetda emasligini amalda ko‘rgan fuqarolar yurt ravnaqiga hissa qo‘shadi. 

Murojaatda joriy yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushgani alohida qayd etildi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.

Kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu yildan boshlab, 208 bog‘chada birinchi marta inklyuziv ta’lim tizimi joriy etildi. 

Ta’kidlash kerakki, yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.

Bu raqamlar zamirida millionlab ko‘ngil xotirjamligiga erishgan odamlar, farovonlikka qadam qo‘ygan yuzlab oilalar bor. Bu esa davlatimiz siyosatining xalqchillashib borayotgani, inson qadri va manfaati amalda ta’minlanayotganini anglatadi.

Davlatimiz rahbari bu ishlar boshlaganida aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashaganini eslab o‘tdi. Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi yuzdan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgani va bularni mahalladagi “yettilik”ning o‘ziga berilgani natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi. Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026 yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olingan marra shu yilning o‘zida uddalandi. 

Bularning barchasi mamlakatimizda qanchalik murakkab bo‘lmasin,  kambag‘allikka qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqilib, umummilliy harakatga aylantirilgani natijasidir. 

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modelini yaratdik. Avvalo, o‘tish davrining muhim instrumenti bo‘lgan manzilli ijtimoiy daftarlarni joriy etib, barcha ehtiyojmand oilalarni qamrab oldik.

Darhaqiqat, “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani o‘zini har tomonlama oqladi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadni oshirish uchun yetarli resurs ajratildi. 

Muhimi, aholini kambag‘allikdan chiqarish va daromadli qilishda har bir hududning o‘z tajribasi paydo bo‘ldi. Har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. 

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi, eng avvalo, kambag‘al aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratmoqda. 

Bu borada mamlakatimizda tegishli tuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi davlatimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalar ijrosi ustida samarali faoliyat olib bormoqda. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilingani yurtimizdagi har bir oila, har bir inson hayotiga daxldor bo‘lgan yuqoridagi kabi ishlar yana keng miqyos kasb etishidan darakdir.  

Bu borada qo‘yilgan vazifalarga to‘xtalar ekan, mamlakat rahbari asosiy maqsad – odamlarimizni doimiy daromadli qilishdan iboratligini alohida ta’kidladi. Puli bor odam yaxshi kiyinish va ovqatlanishga, sifatli ta’lim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga, mazmunli dam olishga, bir so‘z bilan aytganda, farovon yashashga intiladi.

Qayd etilganidek, 2026 yilda “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish uchun 5 trillion so‘m kredit beriladi. Kredit foizining milliy valyutada 10 foizgacha, xorijiy valyutada 4 foizgacha bo‘lgan qismi Tadbirkorlik kompaniyasidan qoplab beriladi. Buning uchun ham byudjetdan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Natijada mahallalarda 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Har bir mahallada 40 tadan mikroloyihani amalga oshirib, 360 ming aholini ishli qilish uchun mahalla bankirlari va hokim yordamchilariga 2026 yilda yana 7,5 trillion so‘m resurs ajratiladi.

Ana shunday ishlar tufayli 2026 yilda 1 million odamni doimiy ish bilan ta’minlab, 181 ming oila kambag‘allikdan chiqarilishi, kambag‘allik va ishsizlik darajasi 4,5 foizga tushirilishi, kambag‘allikdan xoli mahallalar soni 3,5 mingtaga yetkazilishi alohida ta’kidlandi. 

Xalqimizning farovonlik darajasini oshirishga qaratilgan bu kabi chora-tadbirlar amalda ta’minlanishi uchun bor kuchimiz, barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda ish olib boramiz. Zero, Prezidentimiz e’tirof etganidek, xalqimiz ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun baxtli yashashi kerak.

Sardor Rahmonov,

Kambag‘allikni qisqartirish va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi direktori.

O‘zA