Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Dastlab shu yil 19 noyabr kuni Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar xususida to‘xtalib o‘tildi.
[gallery-26411]
Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, muhtoj aholi vakillari manfaatlarini himoyalash borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Videoselektor yig‘ilishida joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushgani, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla kambag‘allikdan xoli hududga aylangani alohida ta’kidlandi. Mavjud imkoniyatlar tahlil qilindi. Kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.
Bu borada siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘z chora-tadbirlar rejalarini muhokama qilib, vazifalar belgilab olgani qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA