Navoiy viloyatining Karmana tumani Shibzon mahallasi aholisi tomorqasida asosan issiqxona xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda mahallada 1126 ta xonadonda 5481 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Xonadonlardagi tomorqa esa 115,5 gektardan iborat.
Ayni paytda mahallada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda xonadonlarda 120 dan ortiq issiqxona qurilgan bo‘lsa, yana 200 dan ortiq issiqxona qurilishi rejalashtirilgan.
Mahallada yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar, issiqxona faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish orqali aholi daromadini yanada oshirish ko‘zda tutilgan. Shamel Sotvoliyev 1988 yilda tug‘ilgan. Uch nafar farzandi bor. U mahalla hududidagi yantoqzor va qamish bosgan hududni obodonlashtirib, dehqonchilik qila boshladi. Qariyb 10 yildan buyon qo‘l bola usulda qurilgan issiqxonada dehqonchilik qilib keladi. Bu yil esa mahalladagi hokim yordamchisi ko‘magida 50 million so‘m kredit olib, 10 sotix maydonga zamonaviy issiqxona qurdi. Yetmaganiga chorva mollarini sotdi.


– Bu yerlar bir vaqtlar foydalanilmaydigan maydon edi. Dehqonchilikka qiziqqanim bois ajriq va qamishlardan tozalab, foydalana boshladim, – deydi Sh.Sotvoldiyev. – Hozirda issiqxonaga bodring ekkanman. Uch kishi ish bilan band. Qolaversa, 25 sotix ochiq maydonga sabzi, lavlagi, sholg‘om ekkanman. 5 sotixcha keladigan yerda hovuz qurib, baliqchilikni yo‘lga qo‘ydim. U yerga sazan, do‘ngpeshona, oq amur kabi baliq chavoqlarini tashlaganman. Shuningdek, 15 ta qo‘y-qo‘zim bor. Tomorqadan chiqqan o‘t-o‘lan, dala chetidagi begona o‘tlar bilan oziqlantiraman. Sotsangiz pul, so‘ysangiz go‘sht bo‘ladi. Ro‘zg‘ordan ortiqchasini sotib, o‘rniga kichikroq qo‘y-qo‘zi sotib olib, joyini to‘ldirib qo‘yaman. Aslida qo‘ylarim soni 40 taga yetgan edi. Issiqxona qurayotganimda xarajatim yetmay qolgandi. 25 tasini sotib, ishlatdim. Mahsulotlar pishib yetilsa, daromadimga yana sotib olaman.


Mahallada tomorqadan unumli va oqilona foydalanayotgan xonadonlardan yana biri Furqat aka Hayitov xonadonidir.
Furqat aka o‘g‘li Farruxjon bilan 100 million so‘m kredit olib, 40 sotix yer maydonida issiqxona qurib, dehqonchilik qilmoqda. 25 sotixga 5 ming tup pomidor, qolganiga 3 ming tup bodring ko‘chatlari ekilgan. Hozirda pomidor ko‘chatlari gulga kirib, nishona ko‘rsatgan.
– Ochiq maydon borki, urug‘ qadab, mo‘l hosil olishga intilaman. Pomidor, bodringdan tashqari yana kunjut, urug‘lik uchun sabzi, sholg‘om, qizil lavlagi ekkanman. 5 sotix yerda limon yetishtiryapman. Bir oylardan keyin keling, hosilimni ko‘rasiz. Daromadni o‘zingiz chamalab olaverasiz, – deydi Farruxjon.
Ha, Karmana tumanining Jaloyir hududi aholisi azaldan sara dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish bilan tanilgan. Ayniqsa, bu hududda yetishtirilgan sabzi yil davomida nafaqat viloyat, balki qo‘shni viloyatlar bozorlariga ham uzluksiz yetkazib beriladi. Xaridorlar o‘zlari kelib xonadonlardan olib ketadi.

Elbek Mansurov esa 2010 yildan buyon oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. Keyingi yillarda esa sitrus meva yetishtirishga qiziqib qolgan.
– Ilk sitrus mevalar ko‘chatini Andijon viloyatidan olib kelganman, – deydi E.Mansurov. – Hozirda mandarin, limon, apelsin, banan, kivi kabi sitrus mevalar yetishtirib kelmoqdaman. Daromadimiz orqasidan tadbirkorlikning turli yo‘nalishlarini rivojlantirishga harakat qilmoqdaman. Hududimizda go‘shtga talab yuqoriligini hisobga olib, chorvachilikni yo‘lga qo‘yganman. 3 yil oldin chorvaga yem chiqarish uchun tegirmon qurdim. Ustachilik qo‘limdan keladi. Dvigatellarni keltirib, qolgan ishlarini o‘zim bajardim. Hozirda parrandachilikni yo‘lga qo‘ymoqdaman. Zotdor tovuqlar olib keldim. Inkubator oldim. Daromadga kelsak, nasibaga yarasha. Yaqinda Navoiy shahridan uy xarid qildim. O‘g‘limni o‘qitib, to‘ylar qilish rejamda bor.
Albatta, kambag‘allikdan chiqishning eng asosiy jihatlaridan biri – yaratib berilayotgan sharoitlardan oqilona foydalangan holda mehnat qilishdir. Zero, mehnat qilgan kishi hech qachon kam bo‘lmaydi. Ro‘zg‘ori but, turmushi kun sayin farovon bo‘lib boraveradi.
A.Bo‘riyev, O‘za muxbiri