Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kambag‘allikdan farovonlik sari”: Yangi O‘zbekiston modelining sinovdan o‘tgan yo‘li
17:19 / 2025-09-19

Namangan shahri 17-18 sentyabr kunlari xalqaro ahamiyatga ega muhim voqea – “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumiga  mezbonlik qildi.

Bu anjumanda nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari ham ishtirok etdi. Anjumanning eng muhim jihati – muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nutqi bo‘ldi. Unda dunyodagi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy vaziyat fonida mamlakatimizda kambag‘allikka qarshi olib borilayotgan islohotlar tahlil qilindi, kelajak strategiyalari belgilandi.

Prezident ta’kidlaganidek, dunyo miqyosida iqtisodiy beqarorlik, geosiyosiy ziddiyatlar va iqlim o‘zgarishlari tufayli kambag‘allik ko‘lami ortib bormoqda. Bunday sharoitda har bir davlat o‘z iqtisodiy va ijtimoiy siyosatini qayta ko‘rib chiqishi, barqaror taraqqiyot modellarini yaratishi talab etiladi. O‘zbekiston ana shunday yo‘lni tanladi – o‘zining milliy modelini shakllantirish orqali global muammoga milliy yechim taklif qilmoqda.

Kambag‘allikka qarshi kurash O‘zbekistonda shunchaki ijtimoiy dastur emas – bu davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezident so‘zlarida bu alohida urg‘ulandi: barcha islohotlar markazida inson, uning qadri, orzu-maqsadlari va salohiyati turibdi.

Bu siyosat amaliy natijalar bilan tasdiqlanmoqda. Oxirgi yillarda 7,5 million kishi kambag‘allikdan chiqarildi. 2024 yil yakunida bu ko‘rsatkich 8,9 foizga tushirildi, 2025 yilning oxirigacha esa uni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.

Kambag‘allikka qarshi kurashda O‘zbekiston o‘z tajribasini shakllantirdi – bu “Yangi O‘zbekiston modeli” deb nomlandi. 

Yangi Konstitutsiyada kambag‘allikka qarshi kurashga huquqiy asos yaratildi: pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordamlar hajmi eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi shart qilib belgilab qo‘yildi. Bu ijtimoiy adolatni ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

Kambag‘allikni kamaytirishga xizmat qilgan asosiy omillardan yana biri – iqtisodiy o‘sish. Mamlakat iqtisodiyoti so‘nggi yillarda ikki baravar o‘sdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad hajmi 3,5 ming dollarga yetishi kutilmoqda. Bu nafaqat statistik ko‘rsatkich, balki real hayotdagi farovonlikning indikatoridir.

“Kambag‘allikdan – farovonlik sari” – bu shunchaki ijtimoiy dastur yoki statistik ko‘rsatkichlar yig‘indisi emas. Bu inson qadrini yuksaltirish, unga munosib hayot tarzini yaratish va eng muhimi, odamlarning taqdiriga befarq bo‘lmagan davlat konsepsiyasining amaliy ifodasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Namanganda o‘tkazilgan III xalqaro forumda ta’kidlanganidek, kambag‘allikka qarshi kurash – bu uzoq muddatli, kompleks va tizimli yondashuvni talab qiladi. Shu maqsadda hayotga tatbiq etilayotgan “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi yettita ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi. 

Barqaror daromad manbasi – ish bilan ta’minlashda yangi bosqich

Kambag‘allikdan chiqish yo‘li avvalo odamlarni ish bilan ta’minlashdan, lekin bugungi kunda bu tushuncha yanada chuqur va keng ma’noga ega bo‘lmoqda. Faqat ishga joylashtirish emas, balki odamga uzoq muddatli, barqaror va munosib daromad olish imkoniyatini berish asosiy maqsad qilib qo‘yilmoqda.

O‘zbekistonda joriy yilning o‘zida 35 milliard dollarlik investitsiya jalb etilmoqda. Buning natijasida 9 mingdan ziyod yangi korxona tashkil etilib, 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi. E’tiborga molik jihat – bu jarayonda faqat davlat emas, balki xususiy sektor ham ijtimoiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqda. 270 ming nafar kambag‘al aholi vakillari ishli bo‘lgani – bu nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy taraqqiyotning ham natijasidir. Bu – “baliq berish emas, baliq tutishni o‘rgatish”ning real hayotdagi ifodasidir.

Ta’lim – kambag‘allikka qarshi uzoq muddatli investitsiya

Kambag‘allikni bir avlodda bartaraf etish mumkin. Lekin uni butunlay yo‘qotish – ta’lim orqali kelajak avlodning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq. Shu bois, inson kapitaliga investitsiya – davlat siyosatida strategik ustuvorlik darajasiga ko‘tarildi. Bunda asosiy maqsad – kambag‘al oilalar farzandlarini sifatli ta’lim bilan qamrab olish bo‘ldi. 

Bu siyosat – iqtisodiy rivojlanish uchun zarur bo‘lgan kadrlar tayyorlash, kambag‘allikni ildizi bilan yo‘qotish va kelajakda ijtimoiy tenglikka erishishning uzviy qismidir.

Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi – teng imkoniyatlar kafolati

Ijtimoiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy imkoniyatlardan mahrum bo‘lgan ayollar oilalarda ko‘proq kambag‘allik xavfiga duch keladi. Shu bois, O‘zbekistonda ayollar iqtisodiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayapti. Talaba qizlarga foizsiz kredit, magistraturada bepul o‘qish imkoniyatlari yaratildi. Bugun talabalarning 53 foizini ayollar tashkil etadi. 1,7 million ayol ish bilan ta’minlandi“Raqamli avlod qizlari” dasturi orqali 50 ming qiz AT va sun’iy intellekt sohalariga jalb etiladi. Ayollar tadbirkorligi uchun 1,5 milliard dollar ajratilgan, kelasi yilda esa 2 million ayol doimiy daromadli qilinadi. Bu faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy tenglik va adolatga erishishda muhim qadamdir.

 Sog‘liqni saqlash – barqaror hayot uchun zarur poydevor

Sog‘lom inson – ishlaydigan, faol, farovonlik sari intiluvchi inson. Shu ma’noda, kambag‘al aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish davlat dasturida alohida o‘rin tutadi. 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirilib, to‘liq tibbiy ko‘rik tashkil etilmoqda. Kambag‘al aholi uchun tibbiy xizmatlar va dori-darmon xarajatlari ikki barobar qisqartiriladi. Bepul dori vositalari va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi joriy etiladi. Sog‘liqni saqlash tizimidagi bu yangiliklar nafaqat profilaktikaga, balki inson resursini saqlash va rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Manzilli ijtimoiy himoya – ehtiyojmandlarning haqiqiy tayanchi

Ijtimoiy yordam tizimi qayta ko‘rib chiqilib, unda byurokratiya emas, inson manfaati ustuvorlikka chiqarildi. Endilikda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilib, barcha tuman va shaharlarda “Inson” markazlari ochildi – 100 dan ortiq xizmat “bir darcha” orqali taqdim etiladi. Har bir mahallada ijtimoiy xodim faoliyat yuritib, ehtiyojmandlarga “proaktiv” yondashmoqda. 2,7 million nafar fuqaro ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Kambag‘al oilalardagi parvarishga muhtoj kishilar uchun xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, 50 ming mehnatga layoqatli fuqaro mehnat bozoriga qayta kiritildi. Bu o‘zgarishlar ijtimoiy himoyani faqat “yordam” emas, balki reabilitatsiya va rivojlantirish dasturiga aylantirdi.

Infratuzilmani yaxshilash – ko‘p o‘lchovli kambag‘allikka qarshi kurash asosi

So‘nggi yillarda kambag‘allikning an’anaviy ta’rifidan voz kechib, “ko‘p o‘lchovli kambag‘allik” tushunchasi ilgari surilmoqda. Bu faqat daromad kamligini emas, balki odamning yashash sharoiti, infratuzilmaga, ta’lim va tibbiyotga yetarli kirishi, transport, elektr, internet, ichimlik suvi kabi asosiy xizmatlarga bo‘lgan imkoniyatini ham o‘z ichiga oladi. Shu bois, hududiy rivojlanishni asosiy ustuvorlik sifatida belgilash – kambag‘allikni uzoq muddatli va barqaror qisqartirishning yagona yo‘li sifatida qaralayotir.

Bugungi kunda 1000 ta og‘ir ahvoldagi mahallada infratuzilma yaxshilanmoqda, bu joylarda qariyb 3,5 million aholi yashaydi. 2025 yilda 32 ta tuman va 328 ta og‘ir ahvoldagi mahallada alohida rivojlantirish dasturi joriy qilinadi. 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish uchun 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.Daromadi past aholi uchun ipoteka kreditlarini subsidiyalashga 200 million dollar yo‘naltiriladi. Bu faqat qurilish emas, mahallada barqaror iqtisodiy muhit yaratish, aholiga hunar va ish, bolalarga ta’lim va tarbiya berish, keksalarga esa munosib turmush kafolatlash deganidir.

Kambag‘allikka qarshi global hamkorlik: yangicha moliyaviy arxitektura sari

Muammolar global bo‘lgan jamiyatda yechimlar ham global bo‘lishi shart. Ayniqsa, kambag‘allikka qarshi kurashda milliy tashabbuslar xalqaro hamjihatlik bilan uyg‘unlashishi talab etiladi. O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasi ham aniq: barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) davlat xarajatlarining 70 foizini qamrab olmoqda.

Jahon banki bilan hamkorlikda 100 million dollarlik ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish loyihasi boshlangan. Bu borada imkoniyati cheklangan bolalarni ta’lim bilan qamrab olishga qaratilgan maxsus dasturlar amalga oshirilayapti.

Bugun dunyo bo‘yicha 4 trillion dollar miqdorida moliyaviy resurslar kambag‘allikka qarshi kurash uchun talab etiladi. O‘zbekistonda ilgari surilayotgan “Yangi moliyaviy arxitektura” tashabbusi – xalqaro moliyaviy institutlar, donorlar, davlat va xususiy sektorning hamkorlikdagi manzilli va shaffof yechimlarini yaratishga qaratilgan yangi mexanizm hisoblanadi. Bu faqat moliya yoki iqtisod masalasi emas, balki inson taqdiri, bolalar kelajagi, adolatli jamiyat qurish g‘oyasining amaldagi ifodasidir.

Har bir ko‘rsatkich, har bir raqam ortida inson taqdiri turibdi. Doimiy ish topgan 270 ming odam – bu 270 ming oiladagi mehr to‘la dasturxon, bolalarning maktabga qadam qo‘yishi, bemalol shifoxonaga borishi, umid va ishonch bilan kunini boshlashi demakdir. Ta’limga erishgan minglab yoshlar, bu jamiyatning intellektual salohiyati, ertangi ixtirochi, mutaxassis va yetakchilar demakdir.  “Bir darcha” orqali ijtimoiy yordam olgan 2,7 million fuqaro – bu davlatning fuqaroga bo‘lgan yuzi, e’tibori va burchini anglatadi.

XXI asrning asosiy sinovlaridan biri bu – inson uchun munosib hayot sharoitini ta’minlash, turmush darajasini barqaror ravishda oshirish va eng muhimi, kambag‘allikni ildizi bilan yo‘qotishdir. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” milliy dasturi aynan mana shu global muammoni mahalliy yechimlar orqali bartaraf etishda mustahkam poydevor yaratmoqda. 

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bu dasturning markazida inson va uning qadri turadi. “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi nafaqat mamlakatda, balki xalqaro maydonda ham keng rezonans uyg‘otayotgan tashabbusdir. Namanganda bo‘lib o‘tgan III xalqaro forumda ishtirok etish uchun kelgan ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari maslahatlari dasturning samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. 

Forumda ishtirok etgan shaxslar va tashkilotlar tarkibi dasturning xalqaro darajadagi ahamiyati va unga bo‘lgan e’tiborni ko‘rsatadi. Sessiyalarda muhokama qilingan bir necha mavzular dasturning mazmun-mohiyati va amalga oshirilishiga yangicha nuqtai nazar qo‘shdi. 

Forumdagi xalqaro ekspertlar va tashkilotlarning ishtiroki, muhokamalarda innovatsion mavzularning markaziy o‘rinni egallashi “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturining kelajakdagi muvaffaqiyati uchun asosiy resurslardan biridir. Ushbu ishtirok va tahlillar – davlat siyosatini yanada aniqlashtirish, samaradorligini baholash va nazorat qilish, xalqaro standartlar va moliyaviy yordamni jalb etish mexanizmlarini kuchaytirish, mahalliy darajada yaxshilangan targ‘ibot hamda ishtirokchi jamoalarni faollashtirish kabi yo‘nalishlarda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Endi kelajakdagi muhim bosqichlar – amaliy loyihalarni kengaytirish, mahalla va hududlarda natijalarning sezilishi, ularning ijtimoiy hisobi va davlat-davlatlararo hamda davlat-xususiy sektor-donor hamkorligidagi mexanizmlarni rivojlantirishdir.

Bu jamiyatning har bir a’zosini qamrab oladigan, adolatli, imkoniyatlari teng, farovon O‘zbekiston qurishga xizmat qiladi. Ishonamizki, bu dastur va forumdagi hamkorliklar faqat ma’lumotlar kitobchasida, statistika varaqasida qolmaydi, balki har bir oilaning hayotida sezilarli o‘zgarishga olib keladi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” yo‘li oson bo‘lmagan. Unda siyosiy iroda, iqtisodiy islohotlar, jamiyatdagi hamjihatlik va adolatli mexanizmlar mujassam. O‘zbekiston nafaqat o‘z fuqarolarining hayotini yaxshilamoqda, balki jahon hamjamiyati uchun ham ilg‘or tajriba sifatida xizmat qila oladigan modelni yaratib bormoqda.

Ushbu forum faqatgina hisobot uchun emas, balki dunyoga yo‘llangan ochiq taklif: kambag‘allikni bartaraf etish global vazifa, unga yechim esa umumiy sa’y-harakatdadir. 

Ulug‘bek Ro‘zimatov,

O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi a’zosi,

“Namangan sadosi” gazetasi bosh muharriri