Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar samarasida tumanning Mayintepa mahallasida aholi turmush darajasini oshirish maqsadida bir qator qulayliklar yaratildi. Yangi mahalla markazi binosi, oilaviy poliklinika filiali, suv inshooti foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrda qabul qilingan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmonida 2025 yilda 1 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangan.

Shundan kelib chiqib, adliya vazirligi ham hududlarda zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, vazirlik biriktirilgan Qo‘shrabot tumanidagi Xonnazar, Mayintepa, Navkat, Do‘stlik va Qiyqim mahallalarida joriy yilning fevral oyida vazir Akbar Toshqulov aholi bilan uchrashib, ularning muammolari, takliflarini eshitgan edi. Aholi murojaatlari asosida hududda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilangan edi.
O‘tgan davr mobaynida ushbu vazifalar ijrosi ta’minlanib, aholini kambag‘allikdan chiqarish, hududda qulay turmush sharoiti yaratish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, tumanning 3400 nafardan ortiq aholi yashaydigan chekka hududlaridan biri Mayintepa mahallasida yangi mahalla markazi qurildi. 1 milliard so‘mdan ortiq homiylik yordami asosida qurilgan binoda mahalla yettiligi uchun qulay sharoit yaratildi.

Shuningdek, mahalla markazi yonidagi qishloq vrachlik punktining eski, foydalanilmayotgan binosi qayta rekonstruksiya qilinib, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 43-oilaviy poliklinikaning Mayintepa filiali tashkil etildi.

Filial 50 qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Endilikda bu yerda aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Mahallada yangi artezian suv qudug‘i ishga tushirilishi bilan 27 oilaning suv ta’minoti yaxshilandi va bu oilalar endi dehqonchilik bilan shug‘ullanib, daromad qilishi mumkin. Kuniga 156 m³ suv chiqarish imkoniyatiga ega inshoot yordamida 18 gektar yer sug‘oriladi.

Yangi inshootlarning foydalanishga topshirilishida Adliya vaziri A.Toshqulov ishtirok etdi va aholi bilan uchrashib, ularni o‘ylantirayotgan boshqa muammolarni eshitdi. Hududda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida navbatdagi yumushlar belgilab olindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari