Har bir insonning orzusi tinch, farovon va baxtli hayot kechirish. Ammo hayotda shunday sharoitlar bo‘ladiki, inson moddiy yetishmovchilik, imkoniyatsizlik yoki ma’lum bir qiyinchiliklar girdobiga tushib qolishi mumkin. Kambag‘allik – bu faqat pulning yo‘qligi emas, balki imkoniyatlar cheklangan holatdir. Bunday holatda insonda iroda, davlatda esa g‘amxo‘rlik bo‘lsa farovonlik sari yo‘l topish mumkin.
Bugungi kunda mamlakatimizda kambag‘allikni kamaytirish, har bir inson uchun munosib turmush sharoitini yaratish borasida keng ko‘lamdagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “NKMK” AJ bosh direktorining iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari J.Hasanov Uchquduq tumanining “Uzunquduq” va “Yo‘lchilar” ovul fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan bo‘lib, aholi turmush tarzini yaxshilash uchun bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, korxona homiylik mablag‘lari asosida “Yo‘lchilar” ovul fuqarolar yig‘inidagi kam ta’minlangan, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan oilalar xonadonlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, 60 ga yaqin xonadonga ona-bola qo‘ylar tarqatildi, 11 nafar og‘ir kasallikka chalingan fuqarolarning davolanishi uchun tegishli tartibda zarur mablag‘lar ajratildi, ishsiz fuqarolar esa doimiy ishga joylashtirilmoqda.

Shuningdek, mahalla yettiligi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etilgan holda tegishli chora-tadbirlar belgilab olinmoqda. Fuqarolar bilan o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda ularning muammolariga yechim izlanmoqda. Bundan tashqari, ovullardagi maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda maktablarga tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirilmoqda va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berilmoqda.

Albatta, bu kabi ishlar yurtimizda ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri