Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalda
12:13 / 2024-12-29

Navoiy viloyati prokuraturasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Doniyor Rahmatullayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, viloyatda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan bo‘lib, 2 ming 723 ta kam ta’minlangan oilaga 550 nafar rahbar biriktirilgan. Biriktirilgan rahbarlar tomonidan barcha oila bilan yuzma-yuz uchrashgan holda ularning muammolari o‘rganib chiqilgan.

– Uchrashuvlarda aniqlangan 17 ming 157 ta muammo yuzasidan biriktirilgan rahbarlar tomonidan 15 ming 918 ta holatda amaliy yordamlar ko‘rsatilgan. Ayni paytda qolgan muammolarni ijobiy hal qilish yuzasidan ishlar davom etmoqda, – deydi D.Rahmatullayev. – Albatta, sohada olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda hududlarda kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbar xodimlar tomonidan ishlab chiqilgan individual dasturlarda belgilangan xizmatlar ko‘rsatilmasdan, oilalar o‘z holiga tashlab qo‘yilishi holatlari  ham aniqlanmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 418 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. Shuningdek, 350 nafar mansabdor shaxs rasman ogohlantirilgan. O‘tkazilgan tekshirishlar davomida 23 nafar hokim yordamchilarining intizomiy javobgarlik masalalari hal etilishi ta’minlangan.

Matbuot anjumanida alohida qayd etilishicha, 41 ta mahallada istiqomat qiluvchi 210 ta oila prokuratura, MIB va Departament organlarining 42 nafar rahbar xodimlariga biriktirilgan.

Olib borilgan amaliy ishlar natijasida mazkur kambag‘al oilalarning 248 nafar ishsiz a’zolarining bandligi ta’minlandi, 371 nafariga kafolatlangan davlat tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, 291 nafar kambag‘al oila a’zolari ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganishga jalb etildi. Shuningdek, 137 nafariga ijtimoiy xizmatlardan foydalanishiga ko‘maklashildi va 201 ta oilaning yashash sharoitlarini yaxshilash yuzasidan muammolari hal etildi.

Qiziltepa tumanida viloyat prokurori rahbarligida mas’ul idoralar jalb etilgan holda “shtab” tashkil etilgan. 413 ta kambag‘al oilaga biriktirilgan 83 nafar korxona va tashkilot rahbarlari “mahalla yettiligi” bilan birgalikda ushbu oilalarning kambag‘allikka tushish sabablari, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli o‘rganildi. Natijada kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasida chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi ta’minlanmoqda.  

Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri