Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kambag‘allikdan farovonlik sari dasturi amalda
18:24 / 2024-10-12

Nurafshon shahrida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi bo‘yicha joylarda mas’ullar tomonidan bajarilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda mas’ullarga biriktirilgan kambag‘al oila bilan individual shug‘ullanish, ular barqaror daromadga kirguncha faol ravishda ish olib borish shartligi ta’kidlandi.  

Yig‘ilishda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov ishtirok etib, kambag‘al oilalar reyestrini shakllantirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati, orzu-umidlaridan kelib chiqqan holda, istiqboldagi rejalarni tuzish, maxsus elektron platforma orqali bu tajribani qayd etib borish lozim ekanligini atroflicha tushuntirdi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassislari platformani qanday to‘ldirish, kambag‘al oilalar reyestrini adolatli, haqqoniy yuritish bo‘yicha ish olib borish tartibini videoselektorda ishtirok etgan “Mahalla yettiligi”ga ko‘rsatib, batafsil tushuntirildi. Toshkent viloyatida to‘plangan va samara keltirgan ijobiy tajriba kelgusida respublika miqyosida kambag‘allikka qarshi kurash jabhasiga tatbiq etilishi mo‘ljallanmoqda.  

Yil boshida viloyatda jami aholining 10,2 foizini kambag‘al oilalar tashkil etgan bo‘lsa, sa’y-harakatlar natijasida yil yakunida bu boradagi ko‘rsatkichni 7 foizga tushirish kutilmoqda. Boshqacha aytganda, hozir hududda 63 ming 9 ta kambag‘allik darajasidagi oilalar mavjud. Ularning har biri bilan individual tartibda ish olib borilmoqda.

Endilikda, viloyatda rahbarlar haftaning juma kunida o‘ziga biriktirilgan kambag‘al oilalarda bo‘lib, ular bilan suhbatlashadi. Berilgan imtiyoz va imkoniyatlarni tushuntiradi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturida belgilangan yettita yo‘nalishda, ya’ni, turmush tarzi, ijtimoiy tafakkurini yaxshilash, rivojlantirish borasida birgalikda ish olib boradi.  

Masalan, o‘tgan hafta 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan “Kambag‘al oilada bir kecha” aksiyasi doirasida 220 nafar viloyat boshqarmalari va tuman, shaharlar sektor rahbarlari qatnashgani katta ijobiy samara berdi. Xususan, 456 nafar fuqaro ishga joylashgan, yana 367 ta oilaning farzandlari turli to‘garaklarga jalb qilindi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglandi va kelgusidagi qilinishi lozim bo‘lgan rejalar kelishib olindi.  

A.Musayev,O‘zA.