Madina Mamatova Navoiy shahridagi Hayot mahallasida ijtimoiy xodim sifatida faoliyat olib boradi. Uning yordami bilan mahallada istiqomat qiluvchi Nigora Polvonovaga yordam ko‘rsatildi.
Nigora Polvonova turmush o‘rtog‘idan ayrilgan, ikki farzand bilan yolg‘iz qolgan ona. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida uning hayoti tubdan o‘zgardi.

– Mahallamizda 1417 nafar aholi istiqomat qiladi. 28 nafar oila esa kambag‘allik reyestrida ro‘yxatda turadi, – deydi Madina Mamatova. – O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida so‘rovnoma asosida Nigora Polvonova ham ushbu reyestrga kiritilgan edi. Shundan keyin individual xizmatlar rejasi ishlab chiqildi va ushbu rejaga asosan biriktirilgan rahbarlar bilan birgalikda yashash sharoitini yaxshilash maqsadida uylari ta’mirlab berildi. Oila farzandlaridan kattasini ingliz tili va matematika to‘garagiga joylashtirdik. Bolaning dars tayyorlashi uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Oilaning boquvchisi 1-guruh nogironi edi. Vafotidan so‘ng bolalar nafaqasi tayinlandi. Kichik farzandi bolalar bog‘chasiga, Nigora opa esa ishga joylashtirildi.
2025 yil boshida turmush o‘rtog‘i vafot etgach, oila butunlay moddiy ta’minotsiz qolgan edi. Nigora opa mablag‘ yo‘qligi sabab kichik farzandini bog‘chaga bera olmagan, ishlashga ham imkoni bo‘lmagan. Mahalladagi ijtimoiy xodim ko‘magi bilan dastur doirasida oilaga qator amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

– Turmush o‘rtog‘im insultdan keyin yotib qoldi, – deydi Nigora Polvonova. – Qo‘limdan kelganicha qarab, parvarishladim. Mahalladagi ijtimoiy xodim bo‘lib ishlayotgan singlimiz holimizdan xabar olib turadi. Mahalla tomonidan turli yordamlar ko‘rsatiladi. Ko‘zim ko‘rmay qolgandi, operatsiyasiga yordam qilindi. Uyimni ta’mirlab berishdi. Boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha bolalar nafaqasi to‘g‘rilab, ishga joylashtirishdi. Hozir ishlayapman.
Albatta, yurtimizda inson qadri ulug‘lanib, ularning yaxshi yashashi uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Ayniqsa, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining hayotga tatbiq etilishi ehtiyojmand oilalarning sharoitini yaxshilash, farzandlariga qulay sharoitlar yaratib berilishi va bandlikni ta’minlashga xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2uss5Ukajpw" title="“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri