Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kambag‘allik darajasini ikki baravarga qisqartirish – asosiy maqsad
10:18 / 2022-12-30

Kambag‘allik va qashshoklik. Bu ikki jumlani eshitgan odamning qalbini xavotir egallashi tabiiy, albatta. Yer yuzidagi jamiki insonlar mana shu ikki jumlaga tobe bo‘lmaslik uchun butun umr tinmay mehnat qiladi, izlanadi. Kambag‘allik bir so‘z bilan aytganda, insonning hayoti davomida tanlov va imkoniyatlarga ega bo‘lmasligi, jamiyatda to‘laqonli ishtirok etish uchun to‘siqlarning mavjudligi, qashshoqlik esa insonlarning qorni to‘yib ovqat yemasligidir.

Prezidentimizning 2020 yil 26 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etilgan. 

Xo‘sh, ushbu vazirlik tashkil etilgandan buyon qanday ishlarni amalga oshirdi? Vazirlikning Kambag‘alikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti direktori o‘rinbosari Sobir Hayitmurotov bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Yurtimizda kambag‘allik darajasi necha foizni tashkil etadi?

– Kambag‘allik masalasi O‘zbekistonda ilk bor 2020 yilda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan va xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda qisqa muddat ichida ushbu sohada normativ-huquqiy asoslar yaratildi. Aholining minimal ijtimoiy standartlari va kambag‘allik chegarasi belgilandi.

Jahon banki ekspertlari hamkorligida 2022 yil uchun mamlakatimizda jon boshiga minimal iste’mol xarajatlari qiymati 498 ming so‘mni (45 $) tashkil etishi hisoblandi. Ushbu mezondan kelib chiqib, respublikada ilk bor kambag‘allik darajasi 17 foizligi aniqlandi.

Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, 2026 yilga borib mamlakatimizda kambag‘allik darajasini 2 baravarga qisqartirish vazifasi belgilangan.

– Yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri – “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishdir. Bu borada mamlakat xalqaro tajribalarni keng o‘rganmoqda. Jumladan, shu yilning kuzida O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya davlatiga tashrif buyurib, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish borasida hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha ushbu sohadagi bir qator yetakchi tashkilotlar bilan kelishuvlarga erishdi.

Bundan tashqari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy etilib, oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash uchun jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlari qiymatiga, ya’ni kambag‘allik chegarasiga tenglashtirilgan. Natijada, kam ta’minlangan oilalar soni 2019 yildagi 595 ming nafardan 2022 yilga kelib 2 million nafardan oshdi yoki 4 barobarga ko‘paydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 apreldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 maydan pensiya va ijtimoiy nafaqalar minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorlarda belgilangan.

So‘nggi 5 yilda inson kapitalini rivojlantirish maqsadida 375 mingta yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratildi, 27,5 ming maktabgacha ta’lim va 1,7 mingga yaqin tibbiyot muassasalari qurildi. 180 mingdan ortiq yangi uy-joylar qurilib, har yili qurib topshirilgan uylarning soni 3,5 martaga ko‘paydi. 6 milliondan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi, 36,6 mingdan ziyod ichki yo‘llar ta’mirlanib, qurilish ishlari amalga oshirildi.

– Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida yurtimizda yangi tizim, ya’ni hokim yordamchilari instituti yaratildi. Bu tizimni odamlarga qanday nafi tegyapti?

–Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Hokim yordamchilarining faoliyati va istiqboldagi vazifalari”ga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumanda jami 10 mingdan ortiq ishtirokchilar, shundan 250 nafari bevosita, qolgan barcha ishtirokchilar videokonferens-aloqa orqali ishtirok etdi.

Anjumanda hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 400 mingga yaqin loyihaga 12 trillion so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar va 53 mingdan ortiq ishsizga 174,5 milliard so‘m subsidiyalar ajratilgani qayd etildi.

Buning natijasida fuqarolarning 1,2 million nafari doimiy ish joylariga joylashtirildi, 997 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yhatga olindi. 101 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka (yollanma ishchilari bilan birgalikda) va 158 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 418 ming nafariga esa ijara asosida yer ajratildi.

Bundan tashqari, hokim yordamchilari tomonidan 234 ming nafar aholi kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish uchun yo‘naltirilib, ularning 200 ming nafarga yaqini o‘qishni tamomladi.

– Prezidentimizning tegishli farmoni bilan aholini ijtimoiy himoya qilish sohasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz?

– Ijtimoiy himoya sohasida tizimli islohotlarni izchil davom ettirish va yanada takomillashtirish, aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash, davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishda samarali tizimni yaratish maqsadida Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish Strategiyasi tasdiqlandi.

O‘tgan davrda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Temir daftar”ga kiritilgan 360,6 ming oilaga 300 milliard so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.

Aholini oziq-ovqat, jumladan, chorva va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlariga muvofiq, 264,7 ming ehtiyojmand oilaga takroriy ekin uchun 88,5 ming gektar yer hamda 154,4 ming oilaga 28,6 ming tonna bug‘doy klaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan bepul tarqatildi.

Kelgusida bu borada islohotlar izchil davom ettiriladi, jumladan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kirgan har bir oila bilan individual dastur asosida ishlash joriy etiladi. Buning natijasida 2026 yilga borib kambag‘allik darajasini 2 baravarga qisqartirilishiga erishiladi.

 

O‘zA muxbiri 

Nigora Rahmonova 

suhbatlashdi