Qaror va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Toshkent viloyatida ham “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Biz kam daromadli, ehtiyojmand oilalarni farovon, yaxshi turmush darajasiga olib chiqishga kamarbastamiz, – deydi Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. – Prezidentimiz shu yo‘nalishda tunu kun ishlashni ustuvor vazifa etib belgilab bergan. Hozirda, viloyatidagi barcha rahbarlar o‘ziga biriktirilgan kambag‘al oilalar holidan xabar olmoqda. Ular bilan birga yashab, samimiy suhbatlashib, hayoti iziga tushib ketishi uchun aniq amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu uyma-uy muloqotlarda ko‘tarilayotgan masalalar kunlik tahlil qilinib, birgalikda yechim izlanmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ullari tomonidan Quyi Chirchiq tumanida o‘rganishlar olib borildi. Jumladan, “Oydinobod”, “Tinchlik”, “Beruniy”, “Beshkent”, “To‘qboy” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlarining ichki va tashqi resurslari ko‘zdan kechirildi. Fuqarolar bilan suhbatlarda ularning mavjud muammolari tinglanib, turmush sharoitini yaxshilash borasida takliflar berilmoqda.
Jumladan, mas’ullar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da turuvchi boquvchisini yo‘qotgan, 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bor Oyxon A’zimova xonadonida bo‘ldi. Suhbat davomida u agar qo‘shimcha foydalanish uchun yer ajratilsa dehqonchilikni yo‘lga qo‘yishini aytdi. Endilikda, O.A’zimovaga 30 sotix yer ajratildi. Xondon bekasi ko‘kat va ziravor o‘simliklar ekishni yo‘lga qo‘yadigan bo‘ldi.

Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov Toshkent tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida amalga oshirilayotgan ishlar va markazda xodimlar hamda fuqarolar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. So‘ngra, “Oqibat” MFY ijtimoiy xodimi Farangiz Sharipova hamda “Majnuntol” MFY ijtimoiy xodimi Zuhriddin Vahobovning aholi turmush tarzini ijobiy tomonga o‘zgartirish, bandligini ta’minlashga qaratilgan taqdimotlarini tingladi.
Shuningdek, “Majnuntol” MFYda istiqomat qiluvchi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da turuvchi Dilnoza Navshirvanova va Nigora Rajabova xonadonida bo‘lib, ikki oilaning muqobil daromadga olib chiqish, bandligini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash lozimki, dasturni amalga oshirish uchun 132 nafar Toshkent viloyati hamda 1 ming 532 nafar tuman-shahar tashkilotlari rahbarlari va o‘rinbosarlari ham kambag‘al oilalarga biriktirilgan. Joylarda shtablar tashkil etilib, bir qator yo‘nalishlarda xatlovlar amalga oshirilmoqda.
Hududlarda bu boradagi ishlar davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.