Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kambagʻallik bir oila yoki bir davlatning muammosi emas
10:02 / 2020-09-24

Yoki bir qator mamlakatlarda odamlar toʻyib ovqat yemasligi, salomatlikka eʼtibor qaratmasligi oqibatida turli yuqumli kasalliklar, epidemiyalar kelib chiqayotganidan bong uramiz.


Biz koʻpincha shukronalik haqida, neʼmatlar qadriga yetish toʻgʻrisida gapirganimizda dunyoning falon mamlakatida buncha odam qashshoqlikda umr kechiradi, falon million kishi suvsizlikdan aziyat chekadi, degan maʼlumotlarni keltirib, fikrimizni taʼsirchan ifodalashga harakat qilamiz. 

Yoki bir qator mamlakatlarda odamlar toʻyib ovqat yemasligi, salomatlikka eʼtibor qaratmasligi oqibatida turli yuqumli kasalliklar, epidemiyalar kelib chiqayotganidan bong uramiz.

Oʻylamaymizki, bu holatlar boshqa sayyorada emas, barchamiz yashab yurgan yerda sodir boʻlmoqda. Vaholanki, bu xatar faqatgina oʻsha davlat, oʻsha mintaqaning emas, butun insoniyatning muammosi, tashvishidir. Uning taʼsiri sekin-asta dunyoning boshqa davlat va qitʼalarida ham sezilishini koʻpincha xayolimizga keltirmaymiz. Ammo koronavirus pandemiyasi, yaqin Sharq va Afrika mamlakatlaridagi notinchliklar bu oʻy-xayollarimiz notoʻgʻri ekanligini barchamizga anglatdi. 

Zero, bugun yer sayyorasining bir burchagida sodir boʻlgan voqea-hodisa tez fursatda ikkinchi burchagida aks-sado bermoqda. Noqonuniy migratsiya, odam savdosi, giyohvandlik kabi illatlarning ildizi ham bugun aynan qashshoqlik va kambagʻallikka borib taqalyapti. Bunda masofa, qitʼalar, okeanlar unchalik katta ahamiyat kasb etmayapti. Globallashuv jarayonlari hayotimizda ham shiddatkor oʻzgarishlarni namoyon etdi.

Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazishni taklif etishi bejiz emas. Shuning uchun ham bu tashabbusni sessiya qatnashchilari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar qoʻllab-quvvatlamoqda.

Kambagʻallik haqida gap ketganda, mayli uzoqqa bormaylik, dunyoning qaysidir bir mintaqasini tahlil etmay oʻzimizning yon-atrofimizdagi holatlarga bir nazar solaylik. Nima, bizda kambagʻallar yoʻqmidi, boshpanasiz kishilar, yeyishga non topa olmayotganlar kammidi? Afsuski, juda koʻp edi ular, faqat buni aytishga choʻchirdik, statistikalarda qayd etilmasdi bunday holatlar. Joriy yil avvalida Prezident katta minbardan turib kambagʻallikni kamaytirish haqida gapirganidan soʻng, bu borada amaliy ishlar boshlanganidan soʻng hammasi ayon boʻldi-ku.

Baʼzida oʻylab qolaman-da – agar davlat rahbari kambagʻallik haqida gapirib, bunday toifa kishilar bizda ham borligini tan olmaganida bu yilgi pandemiya sharoitida ularning holi nima kechardi? Yaxshiyam yil boshida kambagʻal oilalar roʻyxatlari shakllantirilib, ularga manzilli yordam koʻrsatish choralari belgilandi. Yoʻqsa, bizda ham bir muammo ortidan boshqalari qatorlashib yuzaga chiqaverardi.

Mana yilning toʻqqiz oyi yakuniga yetmoqda. Bugun respublikamizning istalgan hududiga borib, biror bir qishloq, ovul misolida kambagʻal, ehtiyojmand oilalar hayoti bilan tanishing, ularning turmush-tarzidan voqif boʻling, fikrlarini tinglang – albatta oʻzgarishni koʻrasiz. Davlat koʻmagi bilan ular ishlashga, tadbirkorlik qilishga, hech boʻlmaganda, oʻz aravasini oʻzi tortishga harakat qilmoqda va buning uddasidan chiqayotganlar ham juda koʻp. 

Toʻgʻri, hali hammasi risoladagidek boʻlmasa-da, muammo va kamchiliklar uchrasa-da, oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Gap murakkab vaziyatni chindan ham ogʻir holat, deb qoʻl qovushtirib oʻtirishda yoki buni yashirishda emasligini bugun rahbarlar-u oddiy odamlar anglab yetganida.

Enda bu masala dunyoning eng katta xalqaro tashkiloti sessiyasining asosiy mavzusi boʻlib kun tartibiga qoʻyilsa, qanday natija berishini tasavvur qilavering. Haqiqatan ham global muammoga butun dunyo eʼtibor qaratiladi, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha va tashabbuslar ilgari suriladi.

Sherali YOʻLDOSHEV,
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi kotibiyati rahbari