Jizzaxdagi “Yoshlar innovatsion markazi”da “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu san’at festivali O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi, madaniyat, xalq ta’limi viloyat boshqarmalari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida madaniyat, adabiyot va san’atni targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan festivalda ishtirok etish istagini bildirib 11 ming 631 nafar ariza topshirgan ishtirokchilar tanlovning sektorlar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 936 nafar o‘g‘il-qiz mahalliy bosqichlarda qatnashdi.

Mazkur festivalning quyi bosqichlarida munosib ishtirok etib g‘olib bo‘lgan 234 nafar o‘quvchi viloyat bosqichida 6 yo‘nalish va 8 ta nominatsiya bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish etdi hamda ularning 50 nafardan ortig‘i g‘olib, deb topildi. Ular respublika final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Festival g‘olib, sovrindor va turli nominatsiyalar sohiblari tashkilotchilarning diplom, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA