Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabida “Kamalak yulduzlari” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining Navoiy viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida madaniyat, adabiyot va san’atni targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan festivalning viloyat bosqichida 500 nafardan ortiq bolajonlar ishtirok etdi.
– bugungi kunda yurtimizda iqtidorli bolalarni aniqlash, iste’dodli bolajonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda, – deydi Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Jonibek Jumayev. – An’anaviy tarzda har yili o‘tkazib kelinayotgan “Kamalak yulduzlari” festivali yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, san’at va go‘zallikka intilishini kuchaytirish, milliy san’at an’analari va yo‘nalishlarini saqlab qolish, rivojlantirish va davom ettirish, iqtidorli bolalarning ijodi, tashabbuslarini keng ommaga, ayniqsa, yoshlar orasida targ‘ib etishga xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir.
[gallery-8090]
Mazkur festivalning mahalla, sektor, tuman bosqichida munosib ishtirok etgan bolajonlar viloyat bosqichida 6 yo‘nalish va 8 ta nominatsiya bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish etdi va ularning 54 nafari g‘olib, deb topildi.
– bugungi tanlovda men 11-14 yoshlilar o‘rtasida fortepiano, torli-kamonli, damli va zarbli cholg‘u asboblari guruhida tengdoshlarim bilan o‘zaro bahslashdim, – deydi festival g‘oliblaridan biri navbahorlik Temur Fazliddinov. – Maktabimizda musiqa ustozimdan o‘rganganlarim bugun menga g‘oliblikni keltirdi, deb o‘ylayman. Festivalda ishtirok etib, do‘stlar orttirdim. Bilmaganlarimni o‘rgandim, kamchiliklarimni aniqlab oldim.
Festival yakunida barcha g‘oliblar munosib rag‘batlantirildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA