AQSH prezidentligiga nomzod Kamala Xarris salomatligi haqida ma’lumot beruvchi tashxisni matbuotda e’lon qilib, raqibi Trampga javob yurishini amalga oshirdi.
Shanba kuni u o‘z shifokorining “salomatligi a’lo darajada”, prezident lavozimida ishlash uchun zarur “jismoniy va ruhiy kuch”ga egaligi yuzasidan xulosa beruvchi maktubini oshkor etdi. Qolaversa, respublikachilardan nomzod Donald Trampning nozik tomonlariga urg‘u berishni ham unutmadi. Zero, Tramp so‘nggi yillarda sog‘ligi to‘g‘risida, deyarli, ma’lumot bermagan. Iyul oyida suiqasd payti qulog‘ini o‘q “yalab” o‘tganini hisobga olmaganda, saylovchilar uning salomatligi haqida hech nima bilmaydi.
AQSH armiyasi polkovnigi, amaldagi vitse-prezidentning shifokori Joshua Simmons 59 yoshli Xarris sog‘lom, faol turmush tarziga rioya qilishini aytib, mijozi har tomonlama tetikligini ta’kidlagan.
Ushbu hisobotda Kamala Xarris “Prezidentlikni, jumladan bosh ijrochi, davlat rahbari va bosh qo‘mondon vazifalarini muvaffaqiyatli bajarish uchun kerakli jismoniy va ruhiy barqarorlikka ega” deyilgan.
78 yoshli Tramp tarafdorlari hozir raqibning salomatligi va yoshi to‘g‘risida gap ochmay qo‘yishgan. Axir, Kamala Donalddan ancha yosh-da!
Agar demokrat da’vogar 81 yoshli Jo Bayden bo‘lganda, respublikachilar uning yoshi, salomatligi yoki keksalik sabab noqulay ahvolga tushgan damlarini eslatib, bunday unumli foydalangan bo‘lishardi.
Kamala Xarris esa “bardam” va aksiga olib, ayni usulni endi Trampning o‘ziga qarshi ishlatyapti.
Kenja Bekjonov, O‘zA