Soliq qo‘mitasining xabar berishicha, 2025 yilda O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalarga 184 milliard so‘mga yaqin qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) qaytarilgan. Bu imtiyozdan 375,6 mingga yaqin iste’molchi foydalangan.
Eng ko‘p QQS qaytarilishi kuzatilgan hududlarga Samarqand viloyati 42 mlrd. so‘m, Toshkent shahri 31,6 mlrd. so‘m, Andijon viloyati 25,5 mlrd. so‘m ajratilgan.
Bu ko‘rsatkichlar davlatning kam ta’minlangan aholi qatlamlarini qo‘llab‑quvvatlashda samarali mexanizm yaratganini ko‘rsatadi. Dastur Soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi va iste’molchilarga pul mablag‘ini to‘g‘ridan‑to‘g‘ri qaytarish orqali ularning kundalik xarajatlarini yengillashtiradi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2023 yil 1 maydan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan shaxslar oddiy 1 foiz keshbek o‘rniga, xaridlari bo‘yicha QQSning 12 foiz miqdorini qaytarib oladi (ijtimoiy keshbek).
Ijtimoiy keshbekdan faqatgina “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar foydalanishi mumkin, ya’ni davlat tomonidan aniqlangan moddiy imkoniyati past shaxslarga ajratiladi.
QQS keshbek faqat quyidagi asosiy va ijtimoiy ahamiyatli mahsulotlar bo‘yicha beriladi, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, mol go‘shti, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari, tibbiy xizmatlarga ajratiladi.
Mazkur ro‘yxat yangilanib turiladi va kerakli mahsulotlar bilan kengaytirib boriladi. Buning uchun “Soliq” mobil ilovasini telefonga yuklab olish kerak. Ilovada shaxsiy identifikatsiya orqali ro‘yxatdan o‘tib, savdo ob’ektlaridan berilgan xarid chekidagi QR-kod skaner qilinadi. QQS summasi avtomatik hisoblanadi va keyingi oyning 25 sanasi atrofida qaytariladi.
Ba’zi hollarda mobil ilovasiz ham QQS ijtimoiy kartaga avtomatik ravishda qaytariladi. 375,6 ming iste’molchiga 184 mlrd. so‘mga yaqin QQS to‘lab berildi. Eng yuqori keshbek miqdori Samarqand, Toshkent shahri va Andijonda qayd etildi.
2025 yil davomida 275,539 iste’molchiga 81,8 mlrd. so‘m keshbek to‘lab berilgan. Bu ko‘rsatkichlar dasturning keng qamrovli va samarali ekanini ko‘rsatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, 2025 yilda ijtimoiy keshbek orqali kam ta’minlangan oilalarning xarid imkoniyatlari sezilarli darajada oshdi. Dastur fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va ularning hayotini yengillashtirishga qaratilgan davlat siyosatidagi muhim qadam hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA