English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kam ta’minlangan oilalarga 1 apreldan nafaqa ajratilishi rostmi?
12:06 / 2021-04-17

Fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tushayotgan savollarga Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva javob beradi:

– Kam ta’minlangan oilalarga 1 apreldan nafaqa ajratilishi rostmi? Buning uchun qayerga, qanday hujjatlar bilan murojaat qilish kerak?

– Ha, bu rost. Kam ta’minlangan oila sifatida nafaqa olish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ariza taqdim etilishi kerak. Ariza Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘i nomiga yoziladi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi: ariza beruvchi oila a’zolarining pasporti nusxalari yoki ID-kartalari; chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomalari yoki ID-kartalari hamda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida qayd varag‘i nusxasi; bolalari vasiylik ostida bo‘lgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organining qarori nusxasi; oilaning mavjud chorva mollari va parrandalari to‘g‘risida ma’lumot; ariza beruvchi va uning oila a’zolari nomidagi tijorat banki hisobvaraqlaridagi mablag‘ qoldiqlari va ariza berilgan oydan oldingi 3 oy mobaynida ularning nomiga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari yuzasidan ma’lumotlarni Markaziy bank tomonidan “Yagona reyestr” axborot tizimiga taqdim etish to‘g‘risida oilada birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila a’zolari imzolari bilan tasdiqlangan ariza.

– Uy-joyning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda nogironligi bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar mavjudmi?

– Uy-joyning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 iyuldagi 186-son qarorida belgilab qo‘yilgan. Ushbu qarorga muvofiq, I va II guruh nogironlari va Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari uchun uy-joyning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda davlat xizmatlari narxi xizmatlar umumiy qiymatining 50 foizini tashkil qiladi.

– Oliy ta’lim muassasasiga o‘qish kirishda nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyoz mavjudmi?

– Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi 417-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha 2 foizli davlat granti kvotalari ajratiladi.

Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish toifasiga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi (akademik litsey, kasb-hunar kolleji)ni tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I va II guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma’lumotnomaga ega I va II guruh nogironlari, shuningdek, nogiron bolalar kiradi.

– 2016 yilda turmushga chiqqanman. 2018 yilda onam menga o‘z nomidagi avtotransport vositasini hadya qilib bergan. Ushbu avtotransport vositasini onamning o‘zlariga qayta hadya qilib bermoqchiman. Buning uchun turmush o‘rtog‘imning roziligi talab qilinadimi?

– Oila kodeksining 25-moddasiga asosan er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.

Shu sababdan mazkur vaziyatda avtotransport vositasini onangizga hadya qilishda turmush o‘rtog‘ingizning roziligi talab etilmaydi.

– Tadbirkorlik qilish uchun auksion orqali yer uchastkasi yutib oldim. Ushbu yer uchastkasining qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lashim mumkinmi?

– Vazirlar Mahkamasining 1023-sonli qarorga ko‘ra, auksion g‘olibi auksion yakunlangan kundan boshlab 5 ish kunidan kechiktirmay, lot qiymatini to‘liq to‘lashi lozim.

Agar yer uchastkasining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 5 ming barobaridan ortiq bo‘lsa, auksion g‘olibi auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab besh bank kunidan kechiktirmasdan, auksion davomida belgilangan narxning ellik foizi miqdorida avans to‘lovini kiritish huquqiga ega.

Qolgan mablag‘ auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab o‘ttiz kalendar kunidan kechiktirmay to‘lanadi.

N.Abduraimova, O‘zA