O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvardagi «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, mahallalar tizimida yangi lavozim – yoshlar yetakchilari faoliyat boshladi.
Endilikda oliy ta’lim muassasalari o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda bevosita yoshlar yetakchilari orqali ish olib boradi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga biriktirilgan 11 ta mahalla (Chilonzor tumanidagi "Bog‘zor", "Beshchinor", "Oq-tepa", "Xalqlar do‘stligi", "Cho‘pon-ota", "Dilobod", "1 Qatortol", "Nafosat", Shuhrat, "Katta Qozirobod", "Naqqoshlik")dagi endigina ish faoliyatini boshlagan yoshlar yetakchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda universitetning birinchi prorektori Feruza Madrahimova, mahalla yetakchilari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari ishtirok etdi. Universitet tomonidan mahallalardagi yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, mental arifmetika, sport to‘garaklarni tashkil etish jadvallari ishlab chiqilgan. Ayniqsa, sportning boks, voleybol, futbol, basketbol turlari bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining oliygohlarga kirish imtihonlariga tayyorgarlik kurslarini tashkil qilish belgilandi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA