Mamlakatimiz aholisining kartoshkaga bo‘lgan yillik ehtiyoji o‘rtacha 4 million tonnani tashkil etadi. 2024 yilda yurtimizda jami 3.7 million tonna, shundan asosiy maydonda 2.7 million tonna va takroriy ekin sifatida 1 million tonna kartoshka yetishtirilgan. Mazkur hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan. Talabning qolgan qismi asosan xorijdan keltiriladigan import hisobiga qoplanmoqda. Biroq O‘zbekiston nafaqat ichki ehtiyojlarini qondirishi, balki katta miqdorda xorijga eksport qilish salohiyatiga ham ega mamlakatdir. Faqat barcha imkoniyatlar ishga solinsa bas.
Masalan, Toshkent viloyatida joylashgan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan 65 kun davomida pishib yetiladigan kartoshkaning yangi navi ixtiro qilindi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan seminarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, issiqxona xo‘jaligi rahbarlari yig‘ilib, issiqxonalarda «in-vitro» usulida mahsulot tayyorlash va ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Mahalliy sharoitda yaratilgan kartoshka urug‘i bozorlarimizda 9-10 ming so‘mdan taklif etilayotgan bo‘lsa, xorijdan keltiriladigan urug‘lar dehqonlarimizga 5-6 barobar qimmatga tushmoqda. Hosilning mo‘l bo‘lishi esa birinchi navbatda sifatli urug‘likka bevosita bog‘liqdir.
Ilmiy-tadqiqot institutida bir yilda laboratoriya sharoitida «in-vitro» usulida 500 ming dona ko‘chat yetishtirish imkoni bor. Faqat kelgusi bosqichda o‘simlik parvarishi uchun ko‘plab issiqxonalar zarur bo‘ladi. Bu borada seminar ishtirokchilari bilan hamkorlik qilishga institut tayyor ekanligi aytib o‘tildi.
Jumladan, institut laboratoriyasida hududlarga mos sifatli urug‘lik tayyorlanadi, bu o‘simliklar kasalliklarga chidamli bo‘ladi va katta maydonlarga yetkazib berish imkoni bor.
Ushbu usulda urug‘lik tayyorlash 6 bosqichda amalga oshiriladi. Bir yilda ikki marta urug‘lik tayyorlanadi. Bu borada koreyalik investorlarning jalb qilinishi yaxshi samara bermoqda. Ularning amaliy ko‘magi bilan 1 mln dollarlik uskunalar keltirildi va «in-vitro» kartoshka urug‘chiligi uchun zamonaviy agroponika issiqxonasi barpo qilindi. Hozirda pomidor va bulg‘or qalampiri ko‘chatlari tajriba-sinov sifatida parvarishlash yo‘lga qo‘yildi. Kelgusida issiqxonadan faqat kartoshka urug‘chiligi uchun foydalaniladi. Bir gektar issiqxona maydonidan 20 tonna sifatli urug‘lik olish rejalashtirilmoqda.
Institut tomonidan 2024-2025 yillar davomida sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi yo‘nalishida ishlab chiqarish uchun dolzarb bo‘lgan muammoli masalalar yechimiga qaratilgan 9 ta amaliy va innovatsion loyihalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borildi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning AFASI xalqaro tashkiloti bilan, BMTning Taraqqiyot dasturi - UNDP, Yaponiya, Latviya davlatlari mutaxassislari bilan hamkorlikda jami 5 ta xalqaro loyiha amalga oshirildi.
Janubiy Koreya korporatsiyasi rahbari Li Xva Suning ta’kidlashicha, ilm va amaliyot bilan uyg‘unlikda olib borilgan izlanishlar tufayli yaratilgan yangi navlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo davlatlarini to‘liq urug‘lik bilan ta’minlay oladi. Ustunlik tomoni mintaqaning iqlim sharoitiga to‘liq mos keladi.
Shuningdek, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti laboratoriyasida noan’anaviy sabzavotlardan barg karam, pasternak, sikoriy salati, zira, artishok, mayoran, melissa, katovnik singari ekinlarning nav namunalari, seleksiyasi, ularni o‘rganish, introduksiya qilish, seleksiya uchun boshlang‘ich manba ajratish va turli ekish muddatlari va sxemalarini meva hosiliga hamda urug‘ chiqimiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Institutda sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 230 dan ortiq nav va duragaylari yaratilgan bo‘lib, ekish uchun tavsiya etilgan. Davlat reyestriga kiritilgan sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining 32 ta ekin turi bo‘yicha 200 ga yaqin navlari yaratildi va 19 ta navga Intelektual mulk agentligidan patent olindi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7kW2jkCsryc" title="Kam suv talab qiladigan kartoshka navi yaratildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA