Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kam litrajli avtomobillar uchun bojlar oshdi
16:16 / 2026-01-06

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda avtomobil bozorini erkinlashtirish, aholini hamyonbop yengil avtotransport vositalari bilan ta’minlash hamda sohaga raqobat muhitini joriy etish maqsadida bir qator imtiyozlar amalga oshirildi.

Xususan, kam litrajli avtomobillar importi uchun joriy etilgan pasaytirilgan bojxona bojlari shu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘lgan edi.  

Biroq belgilangan muddat tugashi bilan ushbu imtiyozlar bekor qilinib, 2026 yil 1 yanvardan boshlab standart bojxona stavkalari qayta joriy etildi. Mazkur o‘zgarishlar avtomobil bozori, import hajmlari hamda iste’molchilar qarorlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi jamoatchilik e’tiborida turibdi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida dvigatel hajmi 1 200 sm³ gacha bo‘lgan yangi yengil avtomobillar importi uchun joriy etilgan pasaytirilgan bojxona bojlari amal qilishini to‘xtatdi va standart tariflar qayta kuchga kirdi.

Mazkur o‘zgarish 2023 yil 17 iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining yengil avtomobillarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy etilgan vaqtincha imtiyozlar muddati yakunlangani bilan izohlanadi.

2023-2025 yillarda amal qilgan imtiyozli boj stavkalari, dvigatel hajmi 1 000 sm³ gacha bo‘lgan yangi yengil avtomobillar uchun — 0 foiz, dvigatel hajmi 1 000–1 200 sm³ gacha bo‘lgan yangi yengil avtomobillar uchun — 5 foizni tashkil etdi.

Ushbu imtiyozlar aholini hamyonbop avtomobillar bilan ta’minlash, shuningdek, ichki avtomobil bozorida raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida joriy etilgan edi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab amal qilayotgan standart boj stavkalari 1 000 sm³ gacha bo‘lgan yangi yengil avtomobillar uchun — 15 foiz + har bir kub sm. uchun 0,4 AQSH dollari, 1 200 sm³ gacha bo‘lgan yangi yengil avtomobillar uchun — 15 foiz + har bir kub sm. uchun 0,6 AQSH dollarini tashkil etmoqda.

Natijada, imtiyozlar bekor qilinishi bilan kichik litrajli avtomobillar importida bojxona to‘lovlari sezilarli darajada oshdi. Avvalgi davrda pasaytirilgan stavkalar hisobiga import yuklamasi ancha kamaygan edi.

Avtomobil importiga oid boshqa toifalar va amal qilayotgan tariflar haqida to‘liq ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining rasmiy manbalari orqali kuzatib borish mumkin.

Sh.Mamaturopova, O‘zA