Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kallas: AQSH aralashsa, mojaro kuchayadi (+video)
12:26 / 2025-06-20

Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Tramp ma’muriyatidan Eron-Isroil ziddiyatiga aralashmaslikni so‘radi. Uning fikricha, Amerika tomonidan harbiy aralashuv mojaro butun Yaqin Sharq bo‘ylab tarqalishi, vaziyat yanada xavfli tus olishiga olib keladi. Bu ogohlantirish Donald Tramp AQSH mojaroni to‘xtatish uchun amaliy yordam berishni ochiqchasiga taklif qilgandan keyin yangradi.

Kallas AQSH Isroilning ashaddiy tarafdori ekanligini yaxshi biladi. Keyinroq Tramp agar Eron “Amerika qo‘shiniga daxl qilsa” AQSH o‘ylab o‘tirmasdan javob zarbasi yo‘llashini aytgan. O‘z navbatida Kaya xonim Qo‘shma Shtatlar urushga kirishi Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasligini ma’lum qilgan.

– Agar ish AQSH aralashuvigacha borib yetsa, butun mintaqa yanada keng ko‘lamda mojaroga tortiladi va bu hech qaysi tomon manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi, – degan Yevropa tashqi siyosati rahbari.

Kallas, shuningdek, Eron yadro dasturidan butunlay voz kechishi uchun Tramp amalga oshirayotgan ishlar xususida ham gapirgan. Bu YeIning ko‘p yildan buyon yadro quroli ishlab chiqarishga yo‘l qo‘ymaslik va shu bilan birga yadroviy texnologiyadan tinch maqsadda foydalanishga ruxsat berish nazarda tutilgan Eronga nisbatan pozitsiyasiga zidligini ham eslatgan.

– Biz shunchaki o‘t ochishni to‘xtatishdan ko‘ra ko‘prog‘ini xohlayapmiz, – degan Tramp Kanadadagi sammitni erta tark etarkan, “Vashington nimani kutyapti, o‘zi?” degan savolga javob berib. – Yakunni, haqiqiy yakunni.

Afsuski, Trampning bu ilmoqli gapi zamirida qanday ma’no borligini hech kim tushunmagan.

2015 yil kelishuviga ko‘ra, Eron sanksiyani yumshatish evaziga amaliyotni cheklash va yadroviy dasturni faqat tinch maqsadda saqlash hamda foydalanishga rozi bo‘lishi lozim edi. 2018 yil Trampning birinchi prezidentligi davrida Qo‘shma Shtatlar o‘zaro kelishuvdan chiqqach, ekspertlar fikricha, Eron uranni fuqarolik maqsadida foydalanish miqdoridan chiqadigan darajada boyita boshlagan. Natijada butun dunyoda xavotir kuchayib, Islom Respublikasiga nisbatan tanqidiy munosabat urchigan.

YeI davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan kechgan munozaradan so‘ng Kallas tomonlarni iloji boricha vazminlik namoyon qilishga chaqirdi. Tuzilma “G‘azoga e’tibor susayishiga yo‘l qo‘ymasligi”ni bildirib, Isroil to‘sib qo‘ygan gumanitar yordamni “zudlik bilan” tiklashga da’vat etdi. Shu bilan birga YeI-Isroil assotsiatsiyasi shartnomasini ko‘rib chiqish davom etayotganini ta’kidlab, hozirgi vaziyat muhokama jarayoniga qanday ta’sir qilishi mumkinligiga izoh berishdan bosh tortgan.

Matbuot anjumanida Kallasga Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli bozorda yuzaga kelgan va kelgusi ehtimoliy o‘zgarishlar haqida ham savol berilgan.

– Bilsangiz, narxni cheklash Katta yettilik tomonidan Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan asosiy manba zanjirini qirqish maqsadida qabul qilingan yangi chora edi. Mazkur tashabbus hozircha Qo‘shma Shtatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.

– Agar mojaro oqibatida jahon bo‘ylab xom ashyo narxi ko‘tarilib borsa, Rossiyaning eksport daromadi oshishi ma’lum, –degan Kallas.  – Ya’ni RFda harbiy amaliyotni yanada erkin va keng ko‘lamda moliyalashtirish imkoni ortadi. Shuning uchun ham biz bu masalada oldinga siljishimiz shart.

Yevropa diplomatiyasi rahbari so‘zi yakunida Rossiyaning Isroil-Eron nizosida vositachi bo‘lish imkoniyatini rad etgan:

– Tinchlik tarafdori bo‘lmagan Rossiya vositachilik qila olmaydi!

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/7Jp0aRpst9I?si=pDZ3dcNDqZtWxRhu" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

K.Bekjonov, O‘zA