1 iyun kuni o‘tkazilgan “Impulse – Follow the Victory” Xalqaro xoreografiya san’ati va zamonaviy raqs festivalida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “Metallurg” madaniyat saroyi “Kaleydoskop” xalq raqslari ansambli g‘olib bo‘ldi.
Tanlovda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston respublikalaridan 30 dan ziyod jamoalar qatnashdi. Jamoaning eng yosh ishtirokchilari atigi 5 yoshli tayyorlov guruhi a’zolari “Matryoshka” raqsi bilan ilk marotaba sahnaga chiqqan bo‘lsada professional darajadagi harakatlari bilan barchani hayratda qoldirdi. Gran-prini qo‘lga kiritdi. Ular, shuningdek, Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan navbatdagi tanlovga 50 foiz chegirmali sertifikatga ham sazovor bo‘ldi.

O‘rta guruh esa “Plyaska” rus raqsi bilan gran-pri bilan taqdirlandi. Bu raqs ham hakamlar tomonidan alohida e’tirof etildi va jamoa Qozog‘istondagi xalqaro tanlovga 50 foiz chegirma yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Katta guruh Moldovaning milliy ruhi aks etgan “Jok” raqsi bilan sahnaga chiqib gran-pri sovrinini yutdi.
Albatta, bu yutuqlarning zamirida murabbiy va ustozlarning mehnati yotadi. O‘z navbatida jamoa rahbari Nasiba Mambetova “Eng yaxshi xoreografiya” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Shuningdek, 2024 - 2025 yil mavsumining eng nufuzli sovrini — bosh kubok ham aynan “Kaleydoskop” xalq raqslari ansambliga nasib etdi.
OKMK Axborot xizmati