Global kakao ishlab chiqarish so‘nggi yillarda keskin tushib ketmoqda, ayniqsa, shokoladning asosiy manbai hisoblangan G‘arbiy Afrika mamlakatlarida bu jarayon yomon holatda. Bu hududlarda so‘nggi ikki yilda hosildorlik 40% gacha pasayib, shokolad narxlari 1970 yildan beri kuzatilmagan darajada oshdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar vaziyat shunday davom etsa, 2050 yilgacha kakao butunlay yo‘qolishi mumkin. Asosiy sabab sifatida iqlim o‘zgarishi, yomg‘irning keskin o‘zgaruvchanligi, suv toshqinlari, tuproq eroziyasi va zamburug‘ kasalliklari ko‘rsatilmoqda.

Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun olimlar karob o‘simligiga e’tibor qaratmoqda. Bu o‘simlik issiq va quruq sharoitlarga chidamli, kam suv bilan ham o‘sadi va qovurilganda shokoladga o‘xshash xushbo‘y hid chiqaradi. Tadqiqotchilar ferment usullari yordamida karobning ta’mini yaxshilashga muvaffaq bo‘lib, uni kakao kukuni va boshqa mahsulotlarda ishlatish imkoniyatini o‘ylab topishdi.
Agar karob keng miqyosda qo‘llanilsa, u shokolad sanoatining kakao bilan bog‘liqligini kamaytirib, ishlab chiqarish zanjirini iqlim inqirozi va kasalliklardan himoya qilishi mumkin. Shu tarzda, karob shokoladning kelajagini saqlash va iste’molchilarga sevimli ta’mni yo‘qotmaslik imkonini beradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA