Samarqandda o‘tkazilayotgan ikkinchi O‘zbekiston – Xitoy hududlararo forumi doirasida “Kaftimizdagi Buyuk ipak yo‘li – O‘zbekiston va Xitoy innovatsiya hamda tadbirkorlik bo‘yicha hamkorlik” xalqaro ayollar forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Xitoy mintaqalari o‘rtasida investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlik, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kuchaytirishda xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, ikki davlat tadbirkor ayollari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarida tajriba almashish uchun o‘ziga xos muloqot maydonini yaratish maqsadida tashkil etilgan anjumanda ayollarning innovatsion tashabbuslari va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Xitoy Xalq Siyosiy maslahat Kengashi 14-chaqiriq yig‘ilishi raisining o‘rinbosari, SHHTning qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik bo‘yicha Xitoy qo‘mitasi raisi Shen Yue Yue O‘zbekiston – Xitoy hududlararo ikkinchi forumida mazkur anjumanning o‘tkazilishini xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi faol harakatlardan biri sifatida e’tirof etdilar.
– Bugun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining 45 foizi, ya’ni 217 mingdan ortig‘iga ayollar rahbarlik qilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova. – Yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritayotgan biznes sub’ektlarining 96 mingga yaqinini ayollar boshqarmoqda. Tijorat banklari tomonidan ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘ndan ortiq loyihalar joriy etildi hamda oilalar iqtisodiyotini barqarorlashtirish va biznesini rivojlantirishga ko‘maklashilmoqda. 2018 yildan buyon oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish maqsadida birgina 2024 yilda 17 trillion so‘m kredit ajratildi. Buning natijasida tadbirkor ayollar o‘tgan yili 81 trillion so‘mlik mahsulot yaratib, 450 million dollarlik eksportni amalga oshirdi.
[gallery-23717]
Forum davomida o‘zbek va xitoy tadbirkor ayollari o‘zaro tajriba almashdilar, bir-birlarining faoliyatlari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘ldilar va hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tadbir yakunida muzokara va muhokamalar natijasi sifatida deklaratsiya qabul qilindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari