Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kafolat mablag‘ini kiritish” instituti qanday maqsadga xizmat qiladi?
10:10 / 2025-08-26

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi adolat qaror topishida muhim o‘rin tutadi. Ijro samaradorligini oshirish maqsadida alohida tuzilma – Majburiy ijro byurosi faoliyat yuritmoqda.

– Amaliyotda turli sabablarga ko‘ra ijro jarayoni to‘xtatilishi holatlari uchrab turadi, – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Bu jarayonda esa qarzdorga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlar va taqiqlar, shu jumladan, qarzdor tadbirkorlik sub’ekti bo‘lsa, uning hisob-raqamiga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalar va cheklovlarni olib tashlash nazarda tutilmagan. Bu qarzdorlik majburiyatini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lgan ayrim qarzdorlarning faoliyatini davom ettirishini cheklab qo‘ymoqda. Ijro ishi yurituvini to‘xtatish jarayonida cheklovlarni bekor qilish uchun esa huquqiy asoslar mavjud emas.

Shu sababli, foydasiga sud qarori qabul qilingan shaxslarning qonuniy manfaatlarini hamda sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash maqsadida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayoniga “Kafolat mablag‘ini kiritish” institutini joriy etish zarurati yuzaga keldi. 

2025 yil 19 avgustda kuchga kirgan “Ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish instituti joriy etilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. 

Endilikda yangi qonun bilan qarzdorga boshqa huquqlardan tashqari ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish huquqi berildi. Qonun ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritishga oid 331-modda bilan to‘ldirildi. Bunda, ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish qarzdor tomonidan unga nisbatan mulkiy tusdagi sud hujjati bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini majburiy ijro organining depozit hisob-varag‘iga ushbu majburiyatlarning to‘liq miqdorida yoki bajarilmagan qismi miqdorida pul o‘tkazish yo‘li bilan ta’minlashdan iborat.

Ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish, qarzdorga va uning mol-mulkiga nisbatan belgilangan cheklovlarni bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

Ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish: ijro hujjatini berish uchun asos bo‘lgan sud hujjati ustidan berilgan shikoyat yoki keltirilgan protest sud tomonidan qabul qilinganda;  davlat ijrochisining harakati (qarori) ustidan shikoyat berilganda qo‘llaniladi. 

Majburiy ijro organining depozit hisob-varag‘iga o‘tkazilgan ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘lari ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish uchun ushbu qonunda belgilangan muddat davomida saqlanadi. 

Ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘lari: ijro hujjatini berish uchun asos bo‘lgan sud hujjati bekor bo‘lganda; ijro hujjati amalda ijro etilganda qarzdorga uch kunlik muddatda qaytariladi. 

Kiritilgan ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘lari davlat ijrochisining harakati qonunga xilof deb topilgan yoki qarori bekor bo‘lgan kundan e’tiboran yana yigirma kun mobaynida majburiy ijro organining depozit hisobvarag‘ida saqlanishi, agar ushbu muddat davomida ijro hujjatini berish uchun asos bo‘lgan sud hujjati ustidan shikoyat berilmasa yoki protest keltirilmasa, ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘lariga ushbu moddaning oltinchi qismida belgilangan tartibda undiruv qaratiladi.  

Ushbu muddat davomida ijro hujjatini berish uchun asos bo‘lgan sud hujjati ustidan shikoyat berilsa yoki protest keltirilsa, ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘lari ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish uchun ushbu qonunda belgilangan muddat davomida saqlanadi.

Qonun sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini o‘z vaqtida, so‘zsiz ijro etish mexanizmini yanada mustahkamlaydi. Sud qarorlari ijrosini ta’minlashda davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga asos yaratdi. 

Qolaversa, qonun sud qarorlari ijrosini ta’minlash tizimini takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash va uni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova,

O‘zA