Mamlakatimizda professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yo‘l ochish maqsadida samarali tizim ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa o‘z navbatida davlat fuqarolik xizmatida kadrlar salohiyatini rivojlantirish, xususan, ularning kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirishni yangicha tizim asosida tashkil etishni taqozo etdi.
Darhaqiqat, bugungi kunda inson resurslarini boshqarish tobora strategik vazifaga aylanib bormoqda. Chunki mamlakatlar tomonidan inson va uning intellektual salohiyati eng muhim resurs hamda eng katta boylik sifatida e’tirof etilmoqda. Shu boisdan ham kadrlar seleksiyasiga va yuqori salohiyatga ega rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishga birlamchi vazifa sifatida qaralmoqda.
Hozirda Navoiy viloyatida davlat va nodavlat sektorlarda faoliyat yuritayotgan 69 nafar nomzod Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan.
Nomzodlarni rahbarlik lavozimiga tayyorlash maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida maxsus tayyorlash dasturi ishlab chiqilgan.
- Dasturga muvofiq, nomzodlarning 6 oylik “Shaxsiy rivojlanish rejalar”i ishlab chiqilib, ular Davlat boshqaruvi akademiyasida 56 soatga mo‘ljallangan maxsus malaka oshirish kursida o‘qiydi. Muntazam ravishda hududlarda an’anaviy va onlayn shaklda o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan, - deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyat filiali kadrlar ma’muriyatchiligi bo‘limi bosh inspektori Akmal Shakarov. - Joriy yilning iyun oyidan boshlab alohida reja-jadval asosida nomzodlar tegishli soha bo‘yicha vazirlik va idoralar, boshqarmalar hamda mahalliy hokimliklarda amaliyot o‘tashi (dublyorlik) yo‘lga qo‘yildi. “Shaxsiy rivojlanish rejasi”ning bajarilishi, masofaviy malaka oshirish kursi, tashkil etilgan o‘quv kursi hamda amaliyotni o‘tash natijalari bo‘yicha nomzodlarning reytingi yuritiladi. Reytingda yuqori natijaga erishgan nomzodlar bir oygacha bo‘lgan muddatga xorijiy stajirovkaga yuboriladi va rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi.
Bugungi kunda agentlik tomonidan kadrlar.argos.uz elektron tizimi yaratilgan bo‘lib, mazkur elektron tizim orqali Milliy kadrlar zaxirasi yuritiladi va boshqariladi. Zaxiraga olingan shaxsga doir ma’lumotlardan tortib baholash natijalarigacha ushbu tizimdan o‘rin olgan.
Hozirda mazkur dasturiy-apparat kompleksida viloyat bo‘yicha 1500 nafarga yaqin kadr to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan.
Ayni damda davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, Milliy kadrlar zaxirasini boshqarish, davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini baholash, davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabi yo‘nalishlarda ishlar samarali amalga oshirib kelinmoqda.
– Dastlab bilim va psixologik testlar topshirdik, shuningdek, Respublika komissiyasi a’zolari bilan suhbatda bo‘ldik, – deydi Karmana tumani “Arg‘un” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimining yordamchisi Umidjon Ro‘ziyev. – Bugungi kunda shaxsiy rivojlanish rejamni ishlab chiqqanman. Rejaga muvofiq fevral-mart oylarida Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida ishtirok etdim. O‘quv davomida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi, korrupsiyaga qarshi kurash, davlat xizmatini raqamlashtirish, boshqaruv mahorati kabi yo‘nalishlarda mashg‘ulot va treninglar tashkil etildi. Shuningdek, ilm.argos.uz, edu.argos.uz platformasidan foydalangan holda o‘z kasbiy bilim va malakamni oshirib boryapman. Kitoblar mutolaasiga doimiy e’tibor qaratganman. Hozirda viloyat hokimligining ijtimoiy rivojlantirish kotibiyatida malakaviy amaliyotni ham o‘tayapman.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har qanday mamlakatning innovatsion iqtisodiyotga o‘tish davrida yetarli miqdorda zarur va yuqori malakali kadrlarga talabning ortishi mehnat bozoridagi asosiy muammolardan biridir.
Hozirda Davlat boshqaruvi akademiyasi va viloyat oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda zaxiraga olingan kadrlar uchun muntazam ravishda seminar-treninglar, vebinarlar, amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, nomzodlar alohida reja-jadval asosida tegishli soha bo‘yicha vazirlik va idoralar, boshqarma hamda mahalliy hokimliklarda amaliyot o‘tab, rahbarlarga dublyorlik qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri