French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kadrlar malakasini oshirish tizimi takomillashmoqda (+video)
15:23 / 2023-11-02

Bugungi kunda nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda ichimlik suvi ta’minoti dolzarb muammolardan biridir.

Mamlakatimizda ham ushbu masala o‘zining dolzarbligini yo‘qotmagan.

Soha mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida tashkil etilgan xalqaro anjumanda ayni shu mavzu muhokama qilindi. Jumladan, sohada kadrlar siyosati, ularning malakasini oshirish, xalqaro moliya institutlari dasturlari asosida o‘qitish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bilamiz, har bir soha rivoji malakali kadrlarga bog‘liq. Qachonki, tizimda yetuk kadrlar faoliyat olib borar ekan, ishlar samarali bo‘ladi.

“O‘zsuvta’minot” AJ kadrlar siyosatining asosiy vazifasi – kadrlar tayyorlashda xalqaro standartlarga va ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan tizimli yondashuvni tashkil qilish hamda korxona xodimlarining malakasini oshirishdir. Shuningdek, tashkilotni strategik rivojlantirish masalalarini hal etishga ko‘maklashadigan tajribali xodimlar jamoasini shakllantirishdan iborat.

Hozirgi kunda “O‘zsuvta’minot” AJ tizimida jami 23 011 nafar xodim faoliyat yuritadi. Oliy ma’lumotli xodimlar soni 3656 nafar, o‘rta maxsus ma’lumotlilar 10384 nafar, o‘rta ma’lumotli xodimlar esa 8971 nafardir.

O‘tgan uch yil davomida soha kadrlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda munosib ish sharoitlari bilan ta’minlash maqsadida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Sohada “KPI” tizimi, xodimlar mehnatini rag‘batlantirish hamda uzoq muddat ishlaganlik uchun qo‘shimcha ustamalar berish joriy etilgan. Ish samaradorligini oshirish hamda mehnat sharoitini yaxshilash maqsadida xodimlarning kompyuter texnikalari, maxsus kiyim va anjomlar bilan ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgan.

– Joriy yil xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida tizimda 2023 yilning 9 oyida qariyb 5 ming nafar xodimning kasbiy malakasi oshirildi va ular qayta tayyorlandi, – deydi "O‘zsuvta’minot" AJ xodimlarni boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi Aziza G‘ofurova. – Bundan tashqari, uch yil mobaynida jami 315 nafar xodim tavsiyalar asosida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Aksariyat xodimlarimiz sohasidan kelib chiqqan holda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Milliy tadqiqot universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya institutlariga o‘qishga qabul qilingan.

Tadbirda ta’kidlanishicha, Jamiyat va uning tizimidagi korxonalar 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Oliy o‘quv yurti bitiruvchilarini tizim korxonalariga ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

[gallery-14304]

Joriy yilda xodimlarning bir guruhi xalqaro moliya institutlarining dasturlari asosida Turkiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Shvetsiya, Rossiya davlatlarida malaka oshirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga asosan, Osiyo taraqqiyot banki hamda Koreya “Eksimbanki “ texnik ko‘magi asosida “O‘zbekistonda ichimlik suvi yo‘qotishlarini qisqartirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida xorijiy ilg‘or tajribani o‘rganish maqsadida jami 80 nafar “O‘zsuvta’minot” AJ va hududiy suv ta’minoti korxonalari xodimi Janubiy Koreyada malaka oshirib keldi.

Yangi inshootlarni qurib, foydalanishga topshirgan xorijiy korxonalar mutaxassislari Buxoro, Jizzax va Toshkent viloyatlarida mahalliy yosh kadrlarga tajriba o‘rgatishni amalga oshirmoqda.

– Soha xodimlarining malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash ishlarini doimiy va sifatli amalga oshirib borish maqsadida tashkilotimiz Koreya Respublikasining “K-water” kompaniyasi bilan hamkorlikda ilmiy markaz tashkil etmoqda, – deydi Kommunikatsiyalar va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki eksperti Irina Saidova. – Ilmiy markazda sohamiz uchun zarur bo‘lgan inshoot va tarmoqlar ekspluatatsiyasi, GIS, SCADA va suv yo‘qotishlarini boshqarish, energosamaradorlik, metrologiya va gidravlika, axborot texnologiyalari, iste’molchilar va jamoatchilik bilan ishlash, moliyaviy boshqaruv va boshqa mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar malakasi muntazam ravishda oshirib boriladi.

Anjuman yakunida soha mutaxassislari tomonidan jurnalist va blogerlarning barcha savollariga atroflicha javob berildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kPlXogJFMcY" title="Kadrlar malakasini oshirish tizimi takomillashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Nilufar Bozorova,
Oybek Pardayev (surat), Yoqub Meliboyev (video),
O‘zA muxbirlari