Xalq deputatlari Qibray tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hududning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga doir dolzarb masalalarga to‘xtaldi.
Xususan, tumanda bugun qariyb 20 ming nafar fuqaro mehnat migranti sifatida xorijda bo‘lib turibdi. Bundan besh yil oldin hududda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 61 foiz bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 87 foizga yetdi. Bu yil olti oy yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari, o‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmi o‘zgarmagan. Qaytaga 8 ta korxona o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Aholi soniga nisbatan 84 ta sartaroshxona, go‘zallik salonlari singari xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlari taqchil.

KPI tizimi bo‘yicha tuman mahallalaridagi hokim yordamchilari umumiy 76 ball olgan, bu ko‘rsatkich viloyatda 13 o‘rin degani. Hozir tumanda 4 ming nafar bola uchun bog‘chada joy yo‘q. Maktabgacha ta’limga qamrov 67 foiz, xolos. Shu bilan birga, 16 ta mahallada bitta ham bog‘cha yo‘q. Aholi murojaatlari bilan ishlashda shu paytgacha 1 ming 697 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 8 foizi ijobiy hal etilgan xolos. Salohiyatli tadbirkorlar Qibrayda oshkoralik, adolat bo‘lishiga ishonmaydi. Eksportyor korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘q. Natijada keyingi ikki yilda tumanda ishlayotgan 7 ta eksportyor korxona boshqa tumanlarga hisob raqamini ko‘chirib olib ketgan. Qibrayda qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasida juda ko‘p boshboshdoqlik bor.


Zoyir Mirzayev Qibray tumanida yashirin iqtisodiyotga qarshi keskin kurashish kerakligini aytib o‘tdi. Shu maqsadda tuman hokimi raisligida maxsus ishchi guruh tuzish lozim bo‘ladi. Tumanda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining atigi 8 foizi qayta ishlanadi. Qibray tumani hokimining o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa barcha mutaxassislari vazifasidan ozod qilinadi. Shuningdek, barcha davlat tashkilotlarining rahbarlari, huquq-tartibot idoralari bundan istisno, lavozimidan ozod qilinadi. Ularning faoliyatiga ham bir hafta ichida baho beriladi. Kadrlar bilan ishlashning “Qibray tajribasi” joriy qilinadi. Bo‘shagan o‘rinlarga, tuman tashkilotlariga tanlov asosida yoshlar ishga olinadi.
A.Musayev,
O‘zA.