Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kadastrga oid 6 ming 400 dan ziyod murojaat kelib tushgan
12:29 / 2023-09-25

Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan aholining kadastrga oid murojaatlari yechimiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumki, kadastr xalqimizga yaqin soha. Har kuni bo‘lmasa ham kunora fuqarolarimiz u yoki bu masalada murojaat bilan kelishadi. Ularga mutaxassislar tomonidan shu joyning o‘zida huquqiy tushuntirish beriladi. Shuningdek, boshqarmaning tuman filiallarida ham fuqarolar qabuli yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish, fuqarolarning idoraga kelib murojaat qilishlarini kutib o‘tirmasdan ularning muammolarini joyiga chiqib o‘rganish va qonun doirasida ijobiy hal qilish maqsadida “Kadastr – aholi manfaatlari yo‘lida” tamoyili asosida “mahallabay”, “xonadonbay” o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida boshqarma hamda uning tuman filiallariga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 6 ming 413 ta elektron, yozma va og‘zaki murojaat kelib tushgan. Shundan 4 732 tasi qanoatlantirilgan, 1 ming 636 tasi yuzasidan tushuntirish berilgan, 14 tasi rad etilgan, 31 tasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ma’lumki, aholi muammolarini yechishning samarali tizimini yaratish maqsadida o‘tkazilayotgan sayyor qabullar o‘z samarasini bermoqda.

Tasdiqlangan reja-grafik asosida aholi va tadbirkorlarning sohaga oid murojaatlari sayyor qabullar orqali o‘rganilyapti. Muhim jihati, tadbir o‘tkaziladigan manzil va unda ishtirok etadigan mutasaddilar haqidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilib, aholining xabardorligi ta’minlanyapti.

Boshqarma rahbariyati tomonidan joriy yilning 8 oyida sohaga oid masalalar yuzasidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda jami 31 ta murojaat o‘rganib chiqilib, ularning 19 tasi ijobiy hal etildi, 12 tasi bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Qabullar davomida ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, kadastr pasportini rasmiylashtirish, mulkka egalik huquqini olish, yerni xususiylashtirish va boshqa masalalardagi murojaatlar yuzasidan tegishli huquqiy tushunchalar berildi. Bundan tashqari, aholiga qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar haqida ham batafsil ma’lumot taqdim qilindi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA