French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kadastr — xonadon tarixi va kelajagini bog‘lovchi ko‘prik
18:25 / 2025-10-13

Ma’lumki, mamlakatimizda so‘ngi yillarda qurilish, yangilanish va obodonlashtirish ishlari tobora kengayib bormoqda. Buning natijasida kadastr xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj ham oshib bormoqda.

Endi fuqarolar kadastr xizmatlaridan foydalanish uchun tumanlardagi markazlarga borib ovora bo‘lib vaqtini va naqtini sarflashga hojat yo‘q. Sababi, uyda o‘tirgan holda ham my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Davlat kadastrlari palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda 40 dan ortiq turdagi kadastr xizmati ko‘rsatiladi. Shundan 17 tasi Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.

Xususan, kadastr pasportini shakllantirish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, turar joyning maydoni bo‘yicha ma’lumotnoma olish, ko‘chmas mulk tarixi haqida ma’lumot berish, ijara va ipoteka shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ko‘chmas mulkni bo‘lish yoki birlashtirish, manzil berish yoki o‘zgartirish kabi xizmatlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, ko‘p yillik dov-daraxtlarga kadastr pasportini rasmiylashtirish, kadastr muhandisiga malaka shahodatnomasi berish, yer uchastkasidan foydalanish huquqini (servitut) ro‘yxatdan o‘tkazish ham amalga oshiriladi.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida fuqarolarga jami 2 million 890 ming 782 ta xizmat ko‘rsatilgan. Shulardan, 2 million 22 ming 878 tasi ijobiy yakunlangan. 107 ming 683 ta buyurtma ijro jarayonida, 760 ming 221 ta ariza esa turli sabablarga ko‘ra rad etilgan.

Eng ko‘p arizalar kadastr pasportini shakllantirish xizmati bo‘yicha kelib tushgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 1 million 186 ming 503 tani tashkil etdi.

Davlat kadastrlari palatasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, fuqarolar ariza berish jarayonida zarur hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirsa, rad etilish holatlari keskin kamayadi.

Kadastr palata rahbariyati tomonidan arizalarning asossiz rad etilishi holatlariga barham berish maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, xodimlarning bilim va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etildi. Asossiz rad javoblari uchun 900 nafarga yaqin xodimga intizomiy choralar qo‘llandi.

Shuningdek, markaziy apparat va hududiy boshqarmalarda kunlik monitoring shtablari faoliyat yuritmoqda. “Asossiz radni keskin kamaytirish” dasturi asosida murojaatlarni tahlil qilish va sabablarni bartaraf etish ishlari muntazam olib borilmoqda.

Aholi murojaatlarini tezkor va shaffof hal etish kadastr tizimining asosiy maqsadi hisoblanadi. Bugun sohadagi barcha xizmatlar raqamlashtirilgan. Bu esa jarayonlarni ochiq, shaffof va qulay qilib, fuqarolarga zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.

Har bir yangilik inson va uning manfaatlariga qaratilgan. Shubhasiz, kadastr — xonadon tarixi va kelajagini bog‘lovchi ko‘prikdir.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA