Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kadastr sohasidagi murojaatlar ijobiy hal etilmoqda
11:00 / 2022-11-07

Habiba Navro‘zova Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Chekirchi mahallasida uzoq yillardan buyon yashab keladi. U yaqinda o‘zi yashab turgan hovlisida yangi qurilishlar qildi. Biroq turmush tashvishlari bilan ovora bo‘lib uyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga imkoni bo‘lmadi. Yana ham aniqrog‘i, bu ishga ancha-muncha vaqt ketib qoladi deb, astoydil kirishmadi ham. Idorama-idora yurishga hafsala qilmadi. Biroq davlat xizmatlari markazi orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun murojaat qoldirgach, hammasi o‘zi o‘ylaganchalik vaqt olmasligini tushunib yetdi.

– Ikki kun avval o‘zim yashab turgan xonadonning kadastr hujjatlarini qayta rasmiylashtirish maqsadida murojaat qildim, –deydi Habiba Navro‘zova. – Bugun esa kadastr xodimlari uyimga kelib, o‘lchov ishlarini amalga oshirdi. Kadastr hujjatlarimni besh kun ichida to‘liq rasmiylashtirib berishlarini aytishganda, to‘g‘risi, ishonmadim. Chunki, avvallari bu ishlar haftalab, oylab cho‘zilar edi.

Viloyatning olis hududi hisoblanmish Qorako‘lda, islohotlar samarasi o‘laroq Habiba opaga o‘xshagan ko‘plab fuqarolarning kadastrga oid murojaatlari  tez va sifatli hal qilinmoqda. Birgina, joriy yilning o‘tgan davrida Davlat xizmatlari markazi va yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr pasportini shakllantirish bo‘yicha aholidan 1 ming 300 ta murojaat kelib tushgan.

Ushbu murojaatlarga asosan, 730 ta yakka tartibdagi uy-joylarga, 197 ta ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga, 332 ta noturar joy toifasidagi mulklarga va 41 ta yer uchastkalariga kadastr pasportlari shakllantirib berilgan.  

Ayni paytda tumanda kadastr hujjati mavjud bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxatlarini shakllantirish bo‘yicha xatlov ishlari davom etmoqda.  

 

Zarif Komilov,

O‘zA