Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kadastr sohasida 2430 ta noqonuniy holat aniqlangan
18:59 / 2024-01-11

Bu haqda Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmalari tomonidan yer va kadastr nazorati, kadastr xizmatlarini ko‘rsatish, sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tildi.

Xususan, yer nazorati yo‘nalishida viloyatda 2023 yilning o‘tgan 12 oyi davomida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va ushbu yer uchastkalarida noqonuniy imorat qurilishiga oid 2 ming 430 ta holatda 983,9 gektar yer maydonida qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.

Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tuman va shahar bo‘limlari tomonidan yer qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida 319 gektarda sodir etilgan 887 ta yer qonunbuzilish holati fuqarolar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etildi.

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish to‘g‘risida esa Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 1399 ta da’vo arizasi kiritildi. 

Hududlar bo‘yicha tahlil qilinganida yerga oid qonunbuzilish holatlarining eng ko‘pi Qarshi shahri hududida aniqlangan (253 ta). Shulardan 67 ta holatda fuqarolar yer maydonlarini noqonuniy egallashga doir qonunbuzarlikni ixtiyoriy bartaraf etishgan. Qonunbuzarlik holatlari eng kam qayd etilgan hudud esa Kasbi tumani (76 ta).

Kadastr xizmatlarini ko‘rsatish, sohada amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi hamda uning tuman, shahar filiallari tomonidan kadastr pasporti tayyorlash bo‘yicha 35 mingdan ziyod, ko‘chmas mulklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha 51 mingta, bino inshootlarni toifasini o‘zgartirish, ya’ni turar joydan noturar joyga yoki noturar joydan turar joyga aylantirish holatlarida 529 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

[gallery-15419]

Bundan tashqari, tadbirkorlik maqsadlari uchun ochiq elektron onlayn auksion savdolari orqali 1 ming uchta yer uchastkasi, qishloq xo‘jalik maqsadlarida dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun onlayn elektron tanlov orqali 16 ming 107 ta yer maydoni hamda Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun 92 ta yer maydoni shaffof mexanizmlar asosida ajratildi.

Yer va ko‘chmas mulk hisobini elektron holatda yuritish maqsadida ma’lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi “UZKAD” dasturida amaliy ishlar olib borildi. Mazkur dasturda yer maydonlarining elektron xaritalari yaratildi. Bugungi kunda viloyatda jami 2,9 million gektar yer maydonlari mavjud bo‘lib, hozirgi holatda Kadastr agentligining “UZKAD” yagona integratsiyalashgan dasturida 2,6 million gektar (93%) yer maydonlarining elektron xaritasi yaratilib hisobga olingan bo‘lsa, 2,3 million gektari (88%) to‘liq davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Viloyatdagi 1 ming 500 dan ziyod maktab va maktab filiali, 418 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy va 5 ming 489 ta davlat ob’ekti haqidagi kadastr ma’lumotlari mazkur dasturda aks ettirildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri hamda ko‘chmas mulk ob’ektlari haqidagi ma’lumotlar “UZKAD” tizimi orqali yuritilib, ma’lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlandi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari