Kadastr pasporti ko‘chmas mulk ob’ekti to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar va ob’ektning kadastr raqamini o‘z ichiga olgan elektron hujjat hisoblandi. Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida shakllantiriladi.
– 2024 yilning o‘tgan davrida Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasining hududiy filiallariga kadastr pasportini shakllantirish masalasida 22 ming 242 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 13 ming 290 tasi ijobiy hal etilgan, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi mutaxassisi Sardor Pirimov. – Ijobiy javob olgan fuqarolarga o‘z vaqtida kadastr pasporti rasmiylashtirib berildi.
Kadastr pasportini shakllantirish uchun so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilganligi, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi, ariza beruvchi yoki uning vakili kelishilgan manzilda bo‘lmagani, vakolatli organ tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘chmas mulk ob’ektiga taqiq yoki xatlov qo‘yilgani sababli 7 ming 485 ta holatda bino-inshootlarga kadastr pasporti rasmiylashtirilmagan.
Shu kunga qadar eng ko‘p kadastr pasporti Buxoro shahrida shakllantirilgan bo‘lib, 4148 tani tashkil qiladi. Mos ravishda keyingi o‘rindagi Buxoro tumanida 2053 ta, G‘ijduvon tumanida 1185 ta kadastr pasporti shakllantirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.