English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kadastr organlarining ayrim vakolatlari Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazildi
18:46 / 2020-09-07

Yer umummilliy boylik, Oʻzbekiston xalqining hayoti, faoliyati va farovonligi asosi, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Shu sababli, yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash davlatning eng muhim vazifalaridan biridir.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yuzasidan.

Yer umummilliy boylik, Oʻzbekiston xalqining hayoti, faoliyati va farovonligi asosi, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Shu sababli, yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash davlatning eng muhim vazifalaridan biridir.

Davergeodezkadastr qoʻmitasi uzoq yillar davomida ushbu vazifani muayyan darajada bajarib keldi. Lekin, yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish, yer nazoratini amalga oshirish vazifalarining yagona organda toʻplanganligi yer resurslaridan oqilona foydalanishda manfaatlar toʻqnashuvini yuzaga keltirayotgan edi.

Bir tasavvur qilib koʻraylik: olis va ayni paytda sugʻoriladigan yerlarga boy tumanlardan biridasiz. Agar siz bu yerdan yer olmoqchi boʻlsangiz, sizga kerak boʻlgan yer uchastkasini tuman yer tuzuvchisi oʻlchab beradi, hokim qarorini ham oʻzi chiqartirib beradi, yer hisobini ham oʻzi yuritadi, qayerga nima ekish kerakligini ham u aniqlaydi, yerlar va ekinlarni ham oʻzi monitoring qiladi. Agar bu yer tuzuvchining niyati toʻgʻri boʻlmasa, u istagan yerini istagan kishiga ajratib berishi, noqonuniy egallangan yerlarni istalgan odamdan yashirishi mumkin. Agar u insofli, lekin biroz sodda inson boʻlsa, istalgan payt kimningdir noqonuniy ishlari qurboniga aylanishi mumkin.

Ushbu Farmon, birinchi navbatda, mana shu holatlarga chek qoʻyishga qaratilgan. Kadastr organlari endilikda faqat yerning hisobini yuritish bilan shugʻullanadi. Qishloq xoʻjaligi yerlarini rivojlantirish, xususan, tuproq bonitirovkasini oʻtkazish, qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash, geobotanik tadqiqotlarni amalga oshirish vazifalari ularning haqiqiy egasi – Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazilmoqda.

Barcha koʻchmas mulklar – yer uchastkalari, ularga boʻlgan huquqlar, bino va inshootlar 2021-yil oxirigacha davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi

Biz necha yillardan beri yer kadastrini yuritishda muammolarga duch kelmoqdamiz. Nega? Chunki biz piyoda yurib oʻtkaziladigan xatlov orqali yer hisobini yuritmoqchi boʻlyapmiz. Bu yil bir marta aylanib chiqamiz, qancha inson, qancha texnika ovora... Lekin biz qogʻozga tushirib chiqqan maʼlumot kelasi yilning oʻzida real hayotga yana toʻgʻri kelmay qoladi. Keyin yana boshqatdan xatlov oʻtkazamiz. Xullas, bu jarayon uzluksiz davom etaveradi.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: Fuqarolik kodeksi, Yer kodeksi, Soliq kodeksida, yana boshqa oʻnlab qonun hujjatlarida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shartligi belgilangan. Koʻchmas mulk deganda birinchi navbatda yer uchastkasi, unga boʻlgan mulk huquqi, ijara huquqi, egalik qilish va foydalanish huquqi tushuniladi.

Lekin, afsuski, bizda qishloq xoʻjaligi yerlariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan deyarli oʻtkazilmagan. Yaʼni fermerlar, klasterlar, dehqon xoʻjaliklari va yerdan foydalanuvchi boshqa shaxslar yer ajratish haqidagi qarorni qoʻllariga olish bilan cheklanadilar. Agar ularning har biri oʻz huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazganida edi, yer hisobi ham oʻz oʻzidan aniq boʻlgan, yer kadastrini ham shunga qarab yuritish mumkin boʻlgan boʻlar edi.

Farmonda ushbu masalaga birinchi marotaba tizimli yondashilgan. Yaʼni, bundan buyon yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni Milliy geoaxborot tizimida toʻgʻridan toʻgʻri roʻyxatdan oʻtkazish tizimi joriy etilmoqda. Bu xuddi sal oldinroq bino-inshootlarni notarial tasdiqlashda joriy etilgan amaliyotga oʻxshaydi. Notarius biror bir binoni sizga oʻtishi haqidagi shartnomani tasdiqlab, uni bir vaqtning oʻzida onlayn rejimda kadastrdan davlat roʻyxatidan oʻtkazib beradi. Farmonda yer uchastkasiga boʻlgan huquq ham, u vujudga kelgan paytning oʻzida roʻyxatdan oʻtishi lozimligi belgilanmoqda.

Lekin ushbu Farmon qabul qilinganiga qadar olingan yer uchastkalarichi? Ularning egalari qoʻlida hokim qarori bor, lekin huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan. Bunday huquq egalari ham, ular xoh davlat boʻlsin, xoh nodavlat oʻz mablagʻlari hisobiga kadastr yigʻmajildi tayyorlab, oʻzlariga tegishli huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishlari shartligi belgilanmoqda. Toʻgʻri, bu oson ish emas, lekin qachondir baribir shu yoʻldan borishimiz kerak. Farmon ushbu murakkab, lekin toʻgʻri yoʻlga barchamizni boshlab beradi.

Kadastr organlari Davlat soliq qoʻmitasi tizimiga oʻtkazildi

Farmonni birinchi oʻqigan odamda shu paytgacha mavjud boʻlgan Davergeodezkadastr qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi oʻrtasida qanday bogʻliqlik, qanday umumiylik bor degan savol payda boʻladi. Haqiqatdan ham oʻrinli savol. Lekin, agar masalaning ichiga chuqurroq kirib borilsa, bu qarorga bekorga kelinmaganligi maʼlum boʻladi.

Kadastr idorasining asosiy vazifasi nima? – Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiruvchi 21 ta davlat kadastrining toʻliq va ishonchli yuritilishini taʼminlash. Oddiy soʻz bilan aytganda, yurtimizdagi barcha yerlar, ularning ostida va ustida qanday obyektlar borligi haqida yagona bazani shakllantirish. Savol: bu bazaning toʻliq yuritilishidan eng birinchi navbatda kim manfaatdor? Soliq idoralari! Chunki har qanday obyekt – u yoki bu maʼnoda soliq solish obyekti hisoblanadi. Uning soliq solish obyektiga kirmasligini, masalan tarixiy-madaniy obyekt, muhofaza qilinadigan tabiiy hudud ekanligi tasdiqlash uchun ham kadastr maʼlumotlari kerak boʻladi.

Demak, biz yerlar, bino va inshootlar, boshqa kadastr obyektlarining haqiqiy hisobini bilishimiz uchun kadastr va soliq idoralarining resurslarini birlashtirishimiz kerak, ularning axborot tizimlarini integratsiya qilishimiz kerak, oddiyroq aytganda, ularning birini oʻng, ikkinchisini chap koʻzga aylantirib, bitta obyektni bir paytda koʻradigan va birgalikdan “sinxron” harakat qiladigan qilishimiz kerak.

Ehtimol oradan yana yillar oʻtib, barcha obyektlar hisobi toʻliq qoʻlimizda boʻlgach, sunʼiy yoʻldosh orqali har bir oʻzgarishni darhol aniqlash imkoniyati yaratilgach, barcha davlat organlarining axborot tizimlari real vaqt rejimida bir-biri bilan axborot almashishni boshlagach kadastr va soliq organlari yana oʻz mustaqil yoʻnalishlarida faoliyatlarini davom ettirishar, buni vaqt koʻrsatadi. Lekin hozirgi bosqichda bu ikki idora faoliyatini birgalikda olib borishi davlat, jamiyat, soliq toʻlovchilar va mulkdorlar uchun faqat foyda, qulaylik va qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi, bunga hech qanday shubha yoʻq.

“BTI”lar oʻrnida yangi organ tashkil etildi

Har bir viloyatdagi «Yermulkkadastr» davlat korxonasi, ularning tuman (shahar) filiallari haqida eshitmagan yoki ularga ishi tushmagan odam deyarli boʻlmasa kerak. Ha, bu oʻsha, xalq tilida “BTI” deb ataladigan tashkilot. Bu tashkilotning nomi oxirgi oʻn yilliklarda bir necha bor oʻzgarsada, uning xalq orasidagi nomi deyarli oʻzgarmaganligiga sabab bor, albatta. Toʻgʻri, ular faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etildi, davlat xizmatlari markazlari orqali xizmat koʻrsatishga oʻtildi, odamlar uchun qanchadan qancha qulayliklar yaratildi. Lekin ularning asosiy faoliyati haliyam oʻsha-oʻshaligicha qolayotgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan ushbu korxonalar negizida Davlat kadastrlari palatasi tashkil etilmoqda. Ushbu palataning oldingi korxonalar ish uslubidan eng asosiy farqi – bu koʻchmas mulkka kadastr yigʻmajildini tayyorlash va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bitta idora shugʻullanmaydi.

Yaʼni, hozirga qadar agar siz oʻz mulkingizni roʻyxatdan oʻtkazaman deb borsangiz, qoʻlingizga avval shartnoma tutqazishadi: kadastr ishlarini bajarish, texnik inventarizatsiyadan oʻtkazish haqida. Bu ish yakunlangach, siz yana ariza bilan murojaat qilasiz: koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish haqida. Filialning bitta xodimi tayyorlab sizning qoʻlingizga bergan yigʻmajildni uning ikkinchi xodimi tekshirib qabul qiladi. Juda qiziq.

Aslida aniqlashtirib olish kerak edi: davlatning bu jarayondagi vazifasi qayerdan boshlanib qayerda tugashi kerak? Javob aniq: davlat faqat koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish bilan shugʻullanishi kerak, shartnoma asosida, haq evaziga xizmat koʻrsatiladigan sohalardan davlat asta-sekin chiqib ketishi kerak.

Va nihoyat, biz ham ana shu oddiy haqiqatni anglab, toʻgʻri oʻzanga tushib olyapmiz: endilikda Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari faqat registratsiya bilan, registratsiya orqali olgan maʼlumotlari asosida davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish bilan, oʻzlari toʻplagan maʼlumotlarni vakolatlari organlardan olgan axborotlar bilan birlashtirib, Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish bilan shugʻullanadi!

Koʻchmas mulkka kadastr yigʻmajildini tayyorlash, shu maqsadda uni texnik inventarizatsiyadan oʻtkazish vazifasini esa davlat tashkilotlaridan tadbirkorlik subyektlariga oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Fikrimizcha, tez orada tadbirkorlarga ushbu ishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat ham qabul qilinsa kerak. Ungacha esa, Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari bu vazifani bajarib turadi. Bozor oʻz egalariga topshirilgach bu filiallar ham bosqichma-bosqich tugatib boriladi va faqat olis, borish qiyin boʻlgan hududlarda qoldiriladi.

Kadastr organlari endi hokimga emas, yuqori turuvchi organga boʻysunadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi.

Farmonga koʻra Kadastr agentligi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, geodeziya va kartografiya hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Ushbu Agentlik yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik, yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni ham koʻrib chiqadi.

Farmon bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi. Ushbu qarorga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari negizida Kadastr agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tashkil etildi. Ularning boshliqlari Kadastr agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Bundan kelib chiqadiki, endi ular faqat Kadastr agentligiga boʻysunadi.

Eslatib oʻtamiz, hozirga qadar «Davergeodezkadastr» qoʻmitasining hududiy boshqarmalari ushbu Qoʻmitaga, shuningdek tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hisobot berar, ularning boshliqlari esa «Davergeodezkadastr» qoʻmitasi raisi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanar edi (Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 529-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom).