Barchaga ma’lumki, yer uchastkalariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali fuqarolar yoki xo‘jalik yurituvchi sub’ekt o‘z egalik huquqiga ega bo‘ladi. Bunday tartib, ya’ni yerga egalik yoki foydalanish huquqi davlat reyestrida rasmiy qayd etiladi va yer uchastkasiga bo‘lgan huquq kafolatlanadi. O‘z navbatida, sotish, sotib olish, meros qilib qoldirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Lekin turli sabablarga ko‘ra, ba’zi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining kadastr hujjatlari mavjud emas. Bunday holda mulk egasi nima qilishi lozim? Bu haqda bizga Kadastr agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi Quva tumani bo‘limi boshlig‘i Hayotbek Qurbonov gapirib berdi.
– Bu masala odamlarni yillar davomida qiynab keldi, – deydi suhbatdoshimiz.–2024 yil 5 avgustda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda ko‘chmas mulk sohasini huquqiy tartibga solishda, eng muhimi, yurtdoshlarimizning yer uchastkasi va uy-joy bilan bog‘liq muammolari huquqiy yechim topishida muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu qonunning maqsadi aynan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Joriy yil 27 mayda esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur qonunni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqidagi qaror qabul qilindi.
Avvalo, qayd etish lozimki, qonun bo‘yicha 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan hamda ortiqcha egallab olingan yer uchastkasi, ularda qurilgan binolar va inshootlarga, 2021 yil 8 iyunga qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalari, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turarjoylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar e’tirof etiladi.
Shuningdek, kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martga qadar joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga, davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga, hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga mulk huquqi beriladi.
Qonunchilik hujjatiga asosan, Quva tumanida ham kadastr xodimlari tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish yuzasidan belgilangan reja-jadval asosida tizimli xatlov ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, amaldagi tartib asosida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy va xo‘jalik inshootlariga huquqlarni qaytarzda etish mumkinligi, bu jarayonda aholidan qaysi hujjatlar talab qilinishi va qanday bosqichlardan o‘tishi zarurligi haqida fuqarolarga tushuntirishlar berilmoqda.
Tumanda 65 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, jarayon boshlangandan buyon “Do‘stlik”, “Tojikqishloq”, “Pandigon”, “Bolalik”, “So‘fi”, “Chilon”, “Madaniyat”, “Turk” mahalla fuqarolar yig‘inlarida xatlov olib borildi. Buning natijasida 5802 ta ko‘chmas mulk ob’ekti xodimlarimiz tomonidan o‘rganib chiqildi. Tegishli tartibda barcha ma’lumotlar Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilyapti hamda “E’tirof” dasturi orqali rasmiylashtirilmoqda, ayrimlari muhokama jarayonida.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, qonun talabiga muvofiq, tegishlicha ijara va mulk huquqini e’tirof etish masalasi ko‘rib chiqiladigan yer uchastkasining, binoning va inshootning elektron yig‘ma jild hujjatlari ushbu yer uchastkasi bino va inshootlar bilan band bo‘lgan taqdirdagina avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtiriladi. Bu tizimga 15 ta vakolatli tashkilot ham tegishli ma’lumotlarni kiritib boradi.
Hozirgi kunlarda tumanning “Nayman”, “Yangichek”, “Yuziya” mahalla fuqarolar yig‘inlarida inventarizatsiya hududi yaratilib, 2494 ta yer uchastkalari va uy-joylar huquqiy jihatdan bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazilmoqda. Afsus-ki, xatlov ishlarini bir tekisda amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan holatlar ham yo‘q emas. Jumladan, ayrim mulk egalarining uyida bo‘lmasligi tufayli bir joyga bir necha marta borish yoki ularni qidirib topishga to‘g‘ri kelyapti. Achinarlisi, kadastr xodimlarini xonadoniga kiritmaslik holatlari ham uchrab turibdi. Bu esa belgilangan rejaning kechikishiga sabab bo‘lmoqda.
Ayrim fuqarolar mahallasida xatlov o‘tkazilmayotgani bo‘yicha bizga va yuqori tashkilotlarga murojaat qilishmoqda. Yuqorida aytib o‘tilganidek, jarayon reja-jadval asosida bosqichma-bosqich kechmoqda. Shuning uchun har bir shaxs www.kadastr.uz sayti orqali o‘z mahallasida xatlov qachon o‘tkazilishini bilib olishimumkin. Agar mahalla ro‘yxatda bo‘lmasa, demak, u keyingi bosqichda o‘tkaziladi.
Murojaatlarning yana biri xatlov yakuni yuzasidan bo‘lib, qonunchilik bo‘yicha mulk hujjatlarining to‘liqligi va qonuniyligi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi. Ularning natijalari mahalla burchaklari, Kadastr agentligining sayti orqali jamoatchilikka e’lon qilib boriladi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga SMS-xabarnoma yuboriladi. Ushbu xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, kadastr hujjatini rasmiylashtirish yer uchastkasidan to‘liq va xavfsiz foydalanishning yagona yo‘lidir. U fuqaroga ham, tadbirkorga ham huquqiy kafolat, moliyaviy imkoniyat va davlat tomonidan himoyaberadi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA