Ma’lumki, kadastr sohasida xizmatlarni sifatli va shaffof ko‘rsatishning muhim shartlaridan biri — arxiv hujjatlaridan samarali foydalanishdir. Chunki har bir so‘rovning o‘z vaqtida va aniq ijrosini ta’minlashda aynan kadastr yig‘majildlari asosiy manba vazifasini o‘taydi.
Shu bois Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan hududiy filiallarda arxiv tizimini takomillashtirish va uni zamonaviy talablarga moslashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

— Bu sa’y-harakatlar nafaqat hujjatlarning xavfsiz saqlanishini kafolatlaydi, balki fuqarolarning uy-joy va yer mulklariga oid ma’lumotlari himoyasi hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi, — deydi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi arxiv ishi bo‘yicha bosh mutaxassisi Aida Muslimova. — Xususan, Toshkent shahrida “Namunaviy idoraviy arxiv” loyihasi doirasida filial arxivlarining moddiy-texnik bazasi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Dastlab Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi filial arxivlari tubdan yangilangan bo‘lsa, endilikda Chilonzor tumani filiali ham ana shu namunali arxivlar qatoriga qo‘shildi.

Mazkur arxivda qulay va xavfsiz muhit yaratish maqsadida bir qator innovatsion yechimlar tatbiq etildi. Xususan, binoda to‘liq ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, mobil stellajlar, yong‘in xavfsizligi va zamonaviy ventilyatsiya tizimlari, videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Haroratni elektron o‘lchash vositalari hamda tutun datchiklari hujjatlarning uzoq yillar davomida sifatli saqlanishini ta’minlaydi.
Shuningdek, arxiv xonasiga kirish ikki bosqichli biometrik tizim — barmoq izi va yuzni tanish (Face ID) orqali amalga oshiriladi. Bu orqali arxivga faqat maxsus ruxsatga ega mutaxassislargina kira oladi. Shu bilan birga, yong‘inga chidamli temir stellajlar va hujjatlarni tez evakuatsiya qilish imkoniyati ham yaratilgan.

Bu nafaqat hujjatlarning xavfsizligini ta’minlaydi, balki arxivdagi joydan samarali foydalanishga ham zamin yaratadi. Mobil javonlar orqali 30–35 foizgacha qo‘shimcha hujjat joylashtirish imkoniyati paydo bo‘lgan.
Raqamlashtirish jarayoni xizmat samaradorligini yanada oshirdi. Hozirda Chilonzor tumani filiali arxivida 86 mingdan ortiq ko‘chmas mulkka oid hujjatlar saqlanmoqda. Ular orasida turar joylar, ko‘p qavatli uylar, kvartiralar va noturar joy ob’ektlariga tegishli kadastr yig‘majildlari mavjud.

Eng muhim yangilik shundaki, barcha hujjatlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Bu esa hujjatlarni izlash va foydalanish jarayonini ancha tezlashtirgan. Har bir hujjatning aniq manzili — stellaj, javon va quti raqami belgilangani bois mutaxassislar so‘rovlarga javob berishda vaqt tejamoqda.
Hozirda Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi arxiv xonalarini ham zamonaviy ko‘rinishga keltirish ishlari jadal davom etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “Namunaviy idoraviy arxiv” loyihasining amalga oshirilishi natijasida aholiga xizmat ko‘rsatish samaradorligi sezilarli darajada oshdi. Agar avval ma’lumot izlash yoki hujjat topishga ko‘p vaqt sarflangan bo‘lsa, endilikda jarayon tez, aniq va xavfsiz tarzda amalga oshirilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA