Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kadastr agentligida xodimlar qay darajada ijtimoiy muhofaza qilinmoqda?
18:33 / 2022-08-16

Inson yaratilibdiki, jamiyatda o‘z o‘rnini topish va yutuqlarga erishishga harakat qiladi.

Agar mantiqan o‘ylab qaraydigan bo‘lsak, inson umrining deyarli chorak qismini ishlab o‘tkazar ekan. Bu o‘z navbatida har bir tashkilot zimmasiga xodimlar haqida chuqur qayg‘urish, g‘amxo‘rlik qilish va ijtimoiy muhofaza qilish mas’uliyatini yuklaydi.

Kadastr agentligida bugungi kunda 9200 dan ortiq ishchi xodimlar faoliyat olib boradi. Mehnat kodeksining 177-moddasiga asosan agentlik tizimida 205 ta quyi tashkilotlarning barchasida jamoa shartnomalari tuzilgan va ishchi xodimlar to‘liq Kasaba uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan.

Xodimlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida mehnat shartnomasini Ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish faqatgina kasaba uyushmasi qo‘mitasining oldindan rozligini olgan holda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi va bu borada Jamoa shartnomalariga tegishli o‘zgartirish kiritildi. Shuningdek, xodimlarning ta’tilga chiqishi, ta’til muddatlari, ularni berish tartibi va shartlari bo‘yicha ichki me’yoriy hujjatlar tartibga solindi.

«Sog‘ tanda – sog‘lom aql» deganlaridek xodimlarning salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Agentlik markaziy apparati binosidan Tez tibbiy yordam va sport xonalari tashkil etilib, xodimlarga qulay sharoitlar yaratildi. Salomatligida jiddiy muammolar bo‘lgan 4 nafar xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularni sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi va sarf-xarajatlar agentlik Kasaba uyushmasi tomonidan qoplab berildi.

Agentlik Kasaba uyushmasi nafaqat xodimlarning, balki ularning ota-onalari, oila a’zolariga ham imkoniyat darajasida ijtimoiy ko‘maklashmoqda. Birgina misol, joriy yilning o‘tgan davrida 20 dan ortiq xodimning ota-onalari sog‘lomlashtirish maskanlariga yuborildi. Shu bilan birga, soha xodimlari oilalari o‘rtasida estafeta musobaqalari – tennis, shaxmat, shashka o‘yinlari o‘tkazildi.

Yurtimizda ommaviy nishonlanadigan bayramlar hamda muhim sanalar Kadastr agentligi tizimida ham keng nishonlanadi.

Kadastr agentligi tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarni, ayniqsa xotin-qizlarning «Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» shiori ostida respublikaning Bo‘stonliq tumani va Shahrisabz shaharlaridagi tarixiy qadamjo va so‘lim go‘shalariga sayr qilishlari orqali ularning madaniy va maroqli xordiq chiqarishlari ta’minlandi.

Kasaba uyushmasining yana bir vazifasi, bu oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Ayni shu maqsadda agentlik tizimida faoliyat olib borayotgan oilaviy sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan 5 ta xodimga BHMning besh baravari miqdorigacha bo‘lgan moddiy yordam ajratildi.

2 nafar xodimning yubiley yoshga kirgani munosabati bilan ularning oylik maoshi miqdorining bir baravari miqdorida moddiy yordam berilishi ta’minlandi, shuningdek, 2 nafar xodimning to‘y (nikoh) marosimlari hamda farzandlarining sunnat to‘yi uchun moddiy yordam ajratildi.

Mehnat nizolarini ko‘rish komissiyasi tomonidan 1 ta holatda nizoli masalalar ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Nilufar Sultonova,

Kadastr agentligi Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi