Barcha sohalarda bo‘lgan kabi Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan ham hududda joriy yil korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan nazorat monitoring tadbirlari davomida bir qator salbiy holatlarga chek qo‘yilyapti.
Xususan, Yangiyo‘l va Olmaliq shahar filiallari kadastr muhandislari, Yangiyo‘l tuman filiali rahbari hamda boshqarmaning ikki nafar mutaxassisi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Bir nafar xodimga nisbatan to‘plangan materiallar prokuratura idoralariga yuborilgan. Bundan tashqari, Toshkent tuman filiali murojaatlar bilan ishlovchi bosh mutaxassisi hamda ikki nafar kadastr muhandisining xatti-harakati yuzasidan ayni paytda xizmat tekshiruvi tayinlangan.
– Sohada xizmat ko‘rsatish va arizalarni qabul qilish to‘liq elektronlashtirilgan bo‘lsada, fuqarolarning kadastr xodimlariga murojaat qilish holatlari hamda xatlov jarayonlarini tezlashtirish maqsadida firibgarlik, yer oldi-sotdisiga aldanish holatlari uchramoqda. Shu o‘rinda xatlov jarayonlarini tezlashtirishning imkoni yo‘qligi, barcha jarayonlari elektron tartibda amalga oshirilishini, xatlov rejasi va uning natijalari rasmiy sayt orqali e’lon qilinishini eslatib o‘tish lozim. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, yer ajratish faqatgina onlayn auksion orqali amalga oshirilishini va keltirilgan holatlarda kadastr organining hech qanday vakolati yo‘qligini ma’lum qilamiz, – deydi Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarma boshlig‘i Rustam Payziyev.
Bu borada joriy yil mahalla fuqarolar yig‘inlarida jami 20 ta umumprofilaktik mazmundagi yig‘ilishlar va davra suhbatlari tashkil etildi. Shu bilan birga, boshqarma va hududiy bo‘limlar binolarida aholi orasida kadastr tizimida uchrashi mumkin bo‘lgan korrupsion jinoyatlarga nisbatan murosasiz kayfiyatni shakllantirishga qaratilgan 50 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
A.Musayev, O‘zA.