Qashqadaryo viloyatida Kadastr agentligi boshqarmasi tashabbusi bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda agentlik xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Anjuman davomida 2025 yilda Qashqadaryoda yer va kadastr nazorati sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan imoratlarga oid huquqbuzarliklar holatlari monitoring qilingani ma’lum qilindi.
Ko‘rsatilgan davrda 4 ming 906 ta holatda 575 gektar yer uchastkalarida huquqbuzarliklar aniqlanib, ularning 1 ming 538 tasi joyida bartaraf etildi. Shuningdek, 144,8 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish maqsadida sudlarga 2 ming 469 ta da’vo arizasi kiritildi.
Matbuot anjumanida ko‘chmas mulkka kadastr pasportlari tayyorlash ishlari haqida ham ma’lumot berildi. 2025 yilda Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 72 mingdan ziyod murojaatlar qabul qilingan bo‘lib, 40 ming 460 nafarga tegishli hujjatlar taqdim etildi.
[gallery-27366]
Shuningdek, Prezidentimizning 2024 yil 5 avgustdagi 937-sonli qonuniga asosan Qashqadaryoda yalpi xatlov ishlari olib borilmoqda. Qariyb 200 nafar kadastr xodimlari safarbar qilingan holda, 85 mingdan ziyod ko‘chmas mulk ob’ektlari xatlovdan o‘tkazildi va 5 ming 244 nafar fuqaroga uy-joyga nisbatan mulk va ijara huquqlari rasman e’tirof etildi.
Anjuman ishtirokchilari Kadastr agentligi tomonidan olib borilayotgan nazorat va profilaktik choralar yer va ko‘chmas mulk sohasida huquqbuzarliklarni kamaytirish hamda mulkdorlar huquqlarini himoya qilishga xizmat qilishi haqida fikr bildirdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari