Respublika Davlat soliq qo‘mitasi raisining 2022 yil 8 noyabrdagi tegishli buyrug‘i bilan Bahrom Bahodirovich Fozilov Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Bahromjon Fozilov 1988 yil 3 avgust kuni Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2014 yilda Namangan muhandislik - pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi - binolar va inshootlar quruvchisi.

Sohadagi mehnat faoliyatini 2014 yilda “Binolar va inshootlar qurilishi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qurilish ustasi sifatida boshlagan. U 2015-2022 yillarda Namangan viloyati Yer mulk kadastr davlat korxonasi, Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmasi topografiya ishlarini bajarish bo‘limi, Davlat kadastrlar palatasining Namangan viloyati boshqarmasida turli mas’ul vazifalarda ish olib borgan.
Bahromjon Fozilov yangi tayinlovga, ya’ni 2022 yil 27 yanvardan buyon Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Davlat kadastrlar palatasi Uychi tumani filiali boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.