Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kadastr agentligi direktorining axboroti eshitildi
13:00 / 2021-08-27

Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining sohaga oid qonunchilik hujjatlari ijro etilishi holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer bilan uzviy bog‘langan Davlat kadastrlari yagona tizimini to‘laqonli yuritish davlatning dolzarb vazifalaridandir.

Yer - umummilliy boylik. So‘nggi yillarda ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, yer munosabatlari sohasida qonuniylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali yer ajratish tartibining ochiqligi va shaffofligi ortib bormoqda, sohada byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Afsuski, yer bilan bog‘liq munosabatlarda talon-torojliklar ro‘y bermoqda. Korrupsiya ushbu sohada ham avj olgan. Har kuni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yerni noqonuniy sotish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ma’lumotlardan xabardor bo‘lyapmiz. Hanuzgacha, yer resurslarini talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy sotish holatlari kuzatilmoqda.

Jumladan, 2020 yilda 67 nafar Kadastr agentligi mansabdor shaxsiga nisbatan 46 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan bo‘lib, yetkazilgan zarar miqdori 550 mln. so‘mni tashkil etgan. Bundan tashqari, 2021 yilning o‘tgan olti oyi davomida esa Kadastr agentligining 48 nafar xodimiga nisbatan 24 ta jinoyat ishi ochilgan. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 1,3 mlrd. so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

Birgina 2020 yilda respublika bo‘yicha 50 mingga yaqin holatda 11 200 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sug‘oriladigan, unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari hisoblanadi.

Shuningdek, 2021 yilning o‘tgan yetti oyi mobaynida 11 214 ta holatda 2 000 gektardan ortiq yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.

Masalan, o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari Namangan viloyatida 1800 ta, Toshkent shahrida 1661 ta, Toshkent viloyatida 1464 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 874 tani tashkil etgan. Bu boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqoridir.

Mutasaddi idoralar tomonidan esa ushbu qonun buzilish holatlarining bor-yo‘g‘i 1188 tasi yoki 10,5 foizi bartaraf etilgan xolos.

Kadastr bazasida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan 2 mln. 746 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektining egalik huquqi belgilanmagan. Bu kabi salbiy holatlarning asosiy qismi Qashqadaryo viloyatida 517 792 ta, Samarqand viloyatida 462 558 ta, Surxondaryo viloyatida 339 393 ta, Namangan viloyatida 315 452 tani tashkil etmoqda.

Shuningdek, mutasaddi idoralar tomonidan geografik ob’ektlar nomlarini davlat reyestriga kiritish ishlari oxiriga yetkazilmaganligi oqibatida respublika bo‘yicha 1 123 ta ko‘cha nomsiz qolgan. Bu esa, o‘z navbatida, turli tashkilotlar, xususan, tez tibbiy yordam ko‘rsatish muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarning yashash manzillarini aniqlashda qiyinchiliklarni vujudga keltirmoqda, natijada aholining haqli e’tirozlari yuzaga kelmoqda.

Yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari tuman hokimliklari va kadastr bo‘limlari tomonidan to‘liq bajarilmagan.

Xususan, respublika bo‘yicha 2021 yil 5 avgust holatiga ko‘ra, 90 690 ta fermer xo‘jaligidan 2 916 tasi bilan ijara shartnomasi to‘liq rasmiylashtirilmagan. Bu esa, o‘z navbatida fermer xo‘jaliklari va tuman hokimliklari o‘rtasida yer bilan bog‘liq turli nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Kadastr agentligi tomonidan o‘z faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda ham qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Birgina O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar (data.gov.uz) bazasida joylashtirilishi lozim bo‘lgan umumiy ma’lumotlarning 55,5 foizi o‘z vaqtida joylashtirilmagan.

Yalpi majlisda ushbu sohada aniqlangan kamchiliklar borasida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi bo‘yicha Kadastr agentligiga tavsiya va takliflar berildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati