O‘zbekiston Milliy axborot agentligida 24 oktyabr kuni Qirg‘iz Respublikasining “Kabar” Milliy axborot agentligi Bosh direktori Kubanichbek Taabaldiyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda o‘zbek va qirg‘iz xalqlari azaldan bir daryoning ikki qirg‘og‘ida yaqin qo‘shni sifatida yashab kelgani, tariximiz, madaniy va diniy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz o‘xshash ekani ta’kidlandi. Buyuk adib Chingiz Aytmatov aytganidek, «Xalqlarimizning qoni bir, tili bir».
Qirg‘iziston O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim o‘rin tutadi. Mamlakatlarimizning strategik sherikligi teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston pandemiya davrida Qirg‘izistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi, xalqlarimiz bir-birini qo‘llab-quvvatladi. Shuning o‘ziyoq bir-birimizga qanchalik bog‘liq va kerakligimizni ko‘rsatdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimizning do‘stligini yanada mustahkamlashda ommaviy axborot vositalarining roli katta ekani ta’kidlandi. O‘zbekistondagi yutuqlarni qirg‘iz birodarlar o‘qisa, Qirg‘izistondagi o‘zgarishlardan o‘zbek eli xabardor bo‘lsa baravar quvonadi. Bu ahillik va o‘zaro bordi-keldi yanada kengayishiga zamin yaratadi.
K.Taabaldiyev mamlakatimizda o‘tadigan muhim siyosiy-ijtimoiy tadbirlarning faol ishtirokchisi. U joriy yil 15-16 iyul kunlari Toshkentda o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada xalqaro ekspert sifatida ishtirok etgandi. Bu gal Prezident saylovini kuzatmoqda.
– O‘zbekistonliklarning saylovdagi ishtirokini ko‘rib xursand bo‘ldim. Haqiqiy bayram! Hammayoq toza-ozoda, tartibli, hech qanday shov-shuv yo‘q, barcha ko‘tarinki kayfiyatda. 5 ta saylov uchastkasida, jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘ldim. Ertalab soat 9 da borgan bo‘lsam, 10 foiz saylovchi ovoz berib bo‘libdi. Uchastka vakillari kuzatuvchilarning hamma savollariga javob berayapti. Men bunday uyushqoqlikni ko‘rgan emasman, – dedi K.Taabaldiyev.
“Kabar” – O‘zAning yaqin hamkori. 2017 yilda agentliklarimiz o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Hamkorlarimiz o‘z saytida “O‘zbekiston yangiliklari” maxsus ruknini tashkil etgan.
Uchrashuvda Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik muhiti mustahkamlanganidan foydalanib, mintaqa davlat axborot agentliklari uchrashuvlari yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Tomonlar o‘z jurnalistlari ishtirokida media-forum o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
O‘zA