Prezidentimizning Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov yurtimizdagi kam ta’minlangan oilalar vakillarini davlatimizning bevosita ko‘magida Umra ziyoratiga yuborishda amaliy yordam berishlarini so‘ragan edi. Prezident bu iltimosni qo‘llab-quvvatlashi samarasida ko‘plab yurtdoshimiz Umra ziyoratida bo‘lib qaytdi.
– Kutilmaganda menga tumanimiz hokimligidan xabar keldi, – deydi Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani «Ilg‘or» mahallasida istiqomat qiluvchi Jumagul Ashirbekova. – Ular menga opa tayyor bo‘lib turing, sizni Umra ziyoratiga yubormoqchimiz deyishdi. Kutilmagan taklifdan hayron bo‘ldim. Mening hech qanaqa imkoniyatim yo‘q, deya ularga o‘zimning sharoitimni tushuntirdim.
Qalbimda Umrani ziyorat qilish kabi ezgu niyatlar hamisha tug‘yon urardi. Ammo afsuski, bu ziyoratni ado etish uchun ortiqcha mablag‘im ham, meni ziyoratlarga yuboradigan o‘g‘il-qizlarim ham yo‘q edi. Har gal ziyoratchilarni ko‘rib havas qilardim. Men ham shunday muqaddas ziyoratgohlarga borarmikinman, deb o‘ylardim.
Ular menga Umraga borishga imkoniyati yetmaydigan kam ta’minlanganlar uchun davlat tomonidan yordam berilishini tushuntirishdi. Quloqlarimga ishonmadim. Aytilgan xabardan yig‘lab yubordim. Shu zahoti butun qarindosh-urug‘imga qo‘ng‘iroq qilib, xushxabarni yetkazdim.
Biz tayyorgarlik ko‘ra boshladik. Jo‘nab ketayotganimizda ham mutasaddilar bizni alohida hurmat, e’tibor bilan kuzatib, hatto boshimizga o‘raydigan ro‘molimizu, qo‘limizdagi sumkalargacha ta’minlab berishdi.
Bizga bu baxt g‘oyibdan kelgandek go‘yo. Muqaddas shaharga eson-omon yetib bordik. Makka va Madinani, boshqa muqaddas qadamjolarni, payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s. a. v.) hazratlari qabrini ziyorat qildik.
Prezidentimiz bizni shunchalik e’zozlab, hurmat qilib shart-sharoitlar yaratib berganiga shukrona keltirdim. Ka’bani quchoqlab, yig‘lab duolar qildim. Yurtimiz tinchligi abadiy bo‘lishini so‘radim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA