Jurnalistlarga Sifat O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Sifat" O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Sifat" O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.“Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari B.Boyxonov mamlakatimizda paxta tolasini eng ilg‘or xalqaro standartlar asosida sertifikatlash bilan ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilardan mustaqil bo‘lgan, Yevropa va Amerikadagi yetakchi paxta uyushmalari a’zosi – “Sifat” paxta tolasini sertifikatlash markazi shug‘ullanishini ta’kidladi.
Yuqori likvidliligi bilan ajralib turuvchi o‘zbek paxta tolasi sifatini kafolatlovchi mazkur markazning milliy ma’lumotlar bazasida yurtimizda yetishtiriladigan paxta navlari, paxta tozalash korxonalarida ishlab chiqarilayotgan tola va momiqqa oid sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar jamlangan. Endilikda rang diagrammasi ustida ish olib borilmoqda. Buning uchun dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan zamonaviy uskuna olib kelindi.
Markazda paxta tolasini sertifikatlash va sinovdan o‘tkazishda eng zamonaviy uskuna – HVI-100 tizimlaridan foydalanilmoqda. Kuniga mingtagacha namuna olish imkonini beradigan ushbu tizim tolaning uzunligi, pishiqligi, rangi, sifati, mikroneyri, kalta tola miqdori va boshqa ko‘rsatkichlarini aniqlaydi. Sinov yakunida tola to‘dalariga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilib, ishlab chiqaruvchi korxonaga taqdim qilinadi.
– Markazimizda yagona informatsion kommunikatsion tizim joriy etilgan, – deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Rustam Murodov. – Hozir bu tizimga 13 hududiy laboratoriya va yuzga yaqin paxta tozalash korxonasidagi texnik chigit sifatini baholash laboratoriyasi ulangan bo‘lib, ularda sinov natijalarini jamlash va tahlil qilish imkoni mavjud.
Matbuot anjumanida joriy yilda kutilayotgan natijalar, tizimda tashkil etilayotgan klastr tizimi, toylar vazni va sifatini nazorat qilish borasida erishilayotgan yutuqlar va sohadagi ayrim kamchiliklar xususida ma’lumotlar taqdim etildi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.