English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar zamonaviy studiya bilan tanishishdi
18:01 / 2025-08-19

Guliston shahri markazida barpo etilgan yangi televideniye majmuasiga qadam qo‘ygan har bir kishi o‘zini zamonaviy ijodiy muhitda his qiladi. Yorug‘ va keng studiyalar, Germaniyada ishlab chiqarilgan yoritgichlar, raqamli formatdagi efirga uzatish imkoniga ega montaj va ovoz yozish xonalari – barchasi axborot maydonida yangi qadam tashlanganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-tur davomida jurnalistlar ana shu imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.

– Bugun kanalimiz kunlik 18 soatlik efir hamda 16 soatlik radio eshittirishlarni amalga oshirmoqda, – dedi muassasa direktori Zafar Darxonov. – 1996 yil 15 dekabrda ilk bor efirga chiqqan Sirdaryo televideniyesi shu yillar mobaynida qator bosqichlarni bosib o‘tdi. Eng asosiysi, turli janrdagi ko‘rsatuvlar, jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir dasturlarini tayyorlash imkoniyati yaratildi.

– Yangi majmua nafaqat ko‘rsatuvlar sifatini oshirdi, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir imkoniyatlarini ham ochdi, – deydi muassasa rahbarining o‘rinbosari Nodir Norqulov. – Asosiysi, zamonaviy studiyadan jonli efirga uzatilayotgan “Yuzma-yuz” va “To‘g‘ridan to‘g‘ri” kabi dasturlar ko‘rsatuvlarning reytingini ko‘tarish bilan birga, tomoshabin bilan yanada yaqinlashish imkonini bermoqda.

Jurnalistlar montaj xonalaridagi ish jarayonlarini kuzatib, zamonaviy texnika orqali tez va sifatli mahsulot tayyorlanayotganiga guvoh bo‘ldilar. Tajribali operator Shuhrat Abduvoyitov bu imkoniyatlar ijodiy jarayonni yanada samarali qilganini ta’kidladi.

Bugungi kunda 50 dan ziyod xodim mehnat qilayotgan jamoada Muqaddas Hakimova, Nigora Imomqulova, Nilufar Hayitaliyeva, Dilorom Qayumova, Azizxon Eshonxonov kabi jurnalistlarning faoliyati alohida e’tirof etildi. Ular tayyorlayotgan ko‘rsatuvlar mahalliy hayot, insonlar orzulari va muammolarini keng qamrab olmoqda.

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Boyjigit Abdullayev bunday tashriflarning ahamiyati haqida shunday dedi: – Bunday uchrashuvlar jurnalistika sohasini rivojlantiradi va tajriba almashish imkonini beradi. Eng muhimi, ijodiy hamkorlik va do‘stona muhit mustahkamlanadi.

Press-tur davomida ishtirokchilar nafaqat yangi bino va texnik imkoniyatlar bilan tanishdilar, balki o‘zaro fikr almashib, zamonaviy jurnalistikaning talablari haqida mulohaza yuritdilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri